Buxorodagi dalalarga chigirtka yopirildi, Qashqadaryoda fermer g‘alla o‘rishiga monelik qilindi, Navoiyda esa 6 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan dahshatli avtohalokat sodir bo‘ldi.
Chigirtka hujumi yuz bermoqda
O‘zbekiston va Qozog‘istonning qator hududlariga chigirtka yopirildi. Jumladan, Buxoro viloyatining Romitan tumani hududidan o‘tuvchi A-380 Buxoro—Xorazm avtomobil yo‘lining Gazli shaharchasiga yaqin qismida chigirtkalar hujum qilgani aks etgan videolar tarqaldi.
Videolarda taxminan 5-8 sm kattalikdagi chigirtkalarning avtomobil yo‘lida to‘da-to‘da bo‘lib uchayotgani, hududda joylashgan binolar devorlarini to‘liq qoplab olganini ko‘rish mumkin.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining izoh berishicha, Gazli massivida kimyoviy kurash tadbirlari olib borilib, hozirda zararli hasharotning tarqalish xavfi bartaraf etilgan.
Shuningdek, Qozog‘istonning qator hududlarida ham chigirtkalar hujumi kuzatilgan. Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Serik Jumangarin bu hujumni «misli ko‘rilmagan holat» deya baholadi.
«Biz hech qachon bu yilgidek katta chigirtkalar to‘dasi tarqalishiga duch kelmagandik. Qishloq xo‘jaligi vazirligining Davlat nazorat qo‘mitasiga barcha protsessual masalalarni zudlik bilan yakunlab, kerakli texnikalarni zarur bo‘lgan hududlarga jo‘natishni topshiraman. Tig‘iz paytlarda haftasiga ikki marta shtab yig‘ilishlari o‘tkazamiz», — deya xulosa qilgan Serik Jumangarin.
Fermerga noqonuniy qarshilik qilindi
Qashqadaryoda ichki ishlar organi xodimi fermerning faoliyatiga qarshilik qildi. Ko‘kdala tumanida g‘alla o‘rimini boshlagan fermer dalasiga borgan IIB xodimi xo‘jalik rahbarini o‘rimni hech kimdan ruxsat so‘ramasdan boshlaganlikda ayblagan.
So‘ngra sektor rahbari muovini va boshqalar uning faoliyatiga aralashib, o‘rimni to‘xtatib qo‘yishgan hamda kombaynni noqonuniy tarzda daladan olib ketishgan.
“Sektor rahbaridan yoki qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hokim o‘rinbosaridan, qishloq xo‘jaligi boshqarmasidan ruxsat oldingizmi? Yoki ichki ishlar bo‘limiga xabar berdingizmi? Hozir bu yerda biror kor-hol bo‘lsa yoki o‘t chiqib ketsa kim javob beradi?” — degan ichki ishlar organi xodimi.
“Bo‘lmasa 20 nafar odamni chaqirishim kerak ekan-da bu yerga men?! “tez yordam” ham chaqiraylik, birov kombayndan tushib ketishi mumkin-ku. Nechta odam kelishi kerak?” — degan fermer.
“Gapni eshiting, profilaktika inspektori keladi, kombaynga bir kishini, tashishga, talon-torojlikning oldini olishga bir kishini biriktiradi, tushunyapsizmi?” — degan xodim.
Bunga javoban, “O‘zim ekib, o‘zimni o‘zim talon-toroj qilamanmi?” — degan fermer.
Voqea joyida sektor rahbari muovini, tuman yo‘l harakat xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i va boshqa mas’ullar bo‘lgan. Ular o‘rimga qarshilik qilib, kombaynni noqonuniy tarzda daladan olib ketishgan.
Shartnomani 120 foiz qilib bajarishni rejalashtirib turgan fermer esa bu holatdan norozi.
Ma’lumot uchun, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasiga ko‘ra, fermer xo‘jaliklarining xo‘jalik faoliyatiga davlat organlari hamda boshqa organlar va tashkilotlar, shuningdek ularning mansabdor shaxslari aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
IIV binosi yaqinida yong‘in chiqdi
Toshkentda Ichki ishlar vazirligi binosi yaqinidagi yer ostidan o‘tkazilgan kabelda yong‘in ro‘y bergan. Poytaxtning markaziy qismlarida svetoforlar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgan.
Yong‘in yer ostida kabellar shikastlanishi natijasida yuz bergani aytildi. Voqea joyiga 9 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borib, bir soatda yong‘ir bartaraf etilgan.
Toshkentda kabel yonishi qator davlat xizmatlarini ko‘rsatishda uzilishlarni yuzaga keltirdi
Ushbu yong‘indan keyin pasport stollari va notarial idoralarda manzil bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatishda uzilishlar kuzatilgan. Atrofdagi mahallalar ham vaqtincha elektrsiz qolgan.
Durov O‘zbekistonga keladi
Telegram asoschisi Pavel Durov yozni Markaziy Osiyoda o‘tkazishini e’lon qildi. Dubayda istiqomat qiluvchi Durov o‘z Telegram-kanalida Birlashgan Arab Amirliklarida havo harorati keskin ko‘tarilib ketganini bildirgan.
“Do‘stlarim Fransiyaning janubi kabi zamonaviy joylarga bormoqda. Fransiya fuqarosi sifatida bu davlatni dam olish uchun eng yaxshi joy ekaniga qo‘shilaman”, deydi u.
Pavel Durov Telegram bosh direktori sifatida ta’tilga chiqmasligini ma’lum qilgan. “Foydalanuvchilarimiz bilan noodatiy joylarda uchrashish orqali ish faoliyatimni davom ettiraman”, — dedi u.
Durovga ko‘ra, bu yozda Markaziy Osiyoga tashrif buyurib, u yerda hayot qanday ekani, odamlar Telegram’dan qanday foydalanishini va ularning raqamli ehtiyojlarini o‘rganishga qaror qilgan.
Nurota yo‘lidagi dahshatli avtohalokat
Navoiy viloyatida uchta mashina to‘qnashgan avtohalokatda 6 kishi halok bo‘ldi. Navbahordan Nurota tumani sari harakatlanib borayotgan Damas mashinasini quvib o‘tmoqchi bo‘lgan Gentra qarama-qarshi tomondan kelayotgan Onix bilan to‘qnashgan.
Buning oqibatida Onix mashinasida ketayotgan bir oilaning 5 a’zosi, ya’ni 36 yoshli erkak, uning 58 yoshli onasi, turmush o‘rtog‘i, 2 yoshli o‘g‘li hamda 2 oylik qizi, shuningdek, Gentra haydovchi bo‘lgan erkak vafot etgan.
Hozirda holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.