Qashqadaryoda 350 ming xonadonning chiqindidan asossiz qarzdorligi bo‘yicha to‘lovlari qayta hisoblandi

O‘zbekiston 08:11 / 08.06.2024 3293

Qashqadaryo viloyatida fuqarolarning e’tirozlari asosida chiqindi bilan bog‘liq muammolar yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.

Viloyatning 15 ta tuman-shahridagi 821 ta mahallada 3 mln 482,3 ming aholi mavjud. Sanitar tozalash korxonalari 762 ta mahalla (2 mln 533,04 ming aholi)ga chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari ko‘rsatib keladi. Ya’ni bu xizmatlar viloyatning 92,8 foiz mahallasi yoki 72,7 foiz aholisini qamrab olgan.

Biroq aholi to‘liq xatlovdan o‘tkazilmagani, chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari bo‘yicha shartnomalar xonadonlar bilan emas, mahalla fuqarolar yig‘ini bilan tuzilgan. Chiqindi topshirmaydigan va hech kim yashamaydigan xonadonlarga ham xizmat haqlari hisoblanishi hamda chiqindilarni 10−15 kungacha bo‘lgan muddatda kechiktirib olib ketilayotgani e’tirozlar ko‘payganini ko‘rsatgan.

O‘rganish davomida 2024 yilning 1-choragidagi qarzdorlik summalari, chiqindi tashish xizmatlarining ko‘rsatilmaganlik vaqtlari uchun hisoblanib kelinayotgan summalar tahlil qilingan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, ko‘rsatilmagan xizmatlar qismi uchun nomuayyan doiradagi 351 153 ta xonadonda yashovchi 1 452 276 nafar iste’molchiga jami 15 mlrd 593 mln 340 ming 700 so‘m qarzdorlik hisoblangan. Natijada 10 mlrd 929 mln 445 ming 471 so‘mlik mablag‘ qarzdorlik hisobidan chiqarilib, iste’molchilar foydasiga hal qilingan.

Qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishning minimal davriyligi chiqindi to‘plash shoxobchalaridan — bir kunda bir marotaba va yakka tartibdagi turar joy sektoridan «signal» usulida — uch kunda bir marotabani tashkil qilishi belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: