Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi

O‘zbekiston 12:20 / 07.06.2024 4808

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentabrdagi “O‘zbekiston — 2030 strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-son Farmonida ta’lim tizimini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, unda 30 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish vazifasi belgilangan. Shuningdek, Prezidentning 2024 yil 7 fevraldagi “Iqtisodiyot sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-62-son Qarorida ham ilmiy faoliyatni jahon standartlari asosida tashkil etish, ularning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yanada oshirish, ilg‘or xorijiy tajribaga ega ilmiy-pedagogik kadrlarni keng jalb etish kabi masalalar ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – ta’lim dasturlarini xalqaro talab va standartlarga moslashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni mamlakatimiz ta’lim tizimiga joriy etish hamda shu asosda bozor talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashdan iborat.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida yuqorida keltirilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, bugungi mehnat bozoriga raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda sifatli va xalqaro standartlarga mos ta’lim berish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Amaliy sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 5 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi: moliya, bank ishi va audit, buxgalteriya hisobi va audit, iqtisodiyot va sug‘urta ishi Akkreditatsiya va reyting mustaqil agentligi (IAAR(HAAP)) tomonidan ishlab chiqilgan standartlarga muvofiq xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi. Xalqaro akkreditatsiya agentligining sertifikatini olish bu — universitetning ta’lim sifati darajasi bo‘yicha xalqaro miqyosda e’tirof etilishidir. Endi TDIU bakalavr diplomini olgan bitiruvchi shu diplomi bilan Yevropa mamlakatlaridagi istalgan OTM magistraturasida tahsil olishi mumkin. Agentlik ekspertlari, bevosita, akkreditatsiyaga jalb etilgan ta’lim yo‘nalishlarida ta’lim olayotgan talabalar va dars mashg‘ulotlarini olib borayotgan professor-o‘qituvchilar bilan ta’lim jarayonini tashkil etish va uning sifati yuzasidan suhbatlar uyushtirgan. Shuningdek, xalqaro ekspertlar universitetning akkreditatsiyadan o‘tayotgan ta’lim yo‘nalishlarini tamomlagan sobiq bitiruvchilari bilan ham intervyular o‘tkazgan. Korxona va tashkilotlarga tashrif buyurib, bevosita ish beruvchilar bilan xalqaro ekspertlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqotlar natijalari ta’lim yo‘nalishlarining xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tishida muhim omil bo‘lib xizmat qildi.

Akkreditatsiya va reyting mustaqil agentligi (IAAR(HAAP)) vakili tomonidan universitetning tegishli ta’lim yo‘nalishlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tganligini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Akkreditatsiya va reyting mustaqil agentligi (IAAR(HAAP)), O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa oliy ta’lim tashkilotlari, jamoatchilik vakillari, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar universitet ta’lim yo‘nalishlarining xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tganligi ta’lim sohasini modernizatsiyalash, ta’lim jarayonini yangi texnologiyalar asosida tashkil etish, ta’lim sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning yaqqol natijasi ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Qayd etish joizki, universitetda hozirda barcha ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklar bo‘yicha xalqaro reytinglardagi TOP-300 talikka kiruvchi universitetlarning o‘quv rejalari va fan dasturlari asosida yangi malaka talablari, o‘quv rejalar va fan sillabuslari ishlab chiqilgan. Ispaniyaning Barselona universiteti, Buyuk Britaniyaning London iqtisodiyot maktabi hamda Manchester universiteti, Ispaniyaning Valensiya universiteti va Buyuk Britaniyaning Surrey universiteti kabilar shular jumlasidandir. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti milliy va xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni qayd etib kelmoqda, xususan, universitet QS Stars reytingida 5 yulduz olgan Markaziy Osiyoda ikkinchi va O‘zbekistonda birinchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. QS WUR Asia reytingida Osiyo qit’asida 401-o‘rinni, Markaziy Osiyo OTMlari orasida 23-o‘rinni, O‘zbekiston OTMlari orasida 3-o‘rinni qayd etgan. Universitetda Buyuk Britaniya, Avstriya, Indoneziya, Rossiya hamda Belarus davlatlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etilgan. Hozirgi kunda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti chet mamlakatlarning 250 dan ortiq oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik bitimlari asosida ish olib bormoqda. Universitetda 14 ta fakultet hamda 38 ta ta’lim yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, hozirda jami 45 mingga yaqin talabaga sifatli ta’lim xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Universitet qoshida 2 ta akademik litsey va 6 ta texnikumda professional ta’lim berilmoqda. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2500 ga yaqin professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritmoqda va ularning ilmiy salohiyati 60 foizni tashkil etadi. O‘quv jarayonlari to‘liq xalqaro standartlar asosida, ta’limning kredit-modul tizimida tashkil etilgan. Har bir ta’lim yo‘nalishida ingliz tilida dars jarayonlarini olib borishga ixtisoslashgan guruhlar tashkil etilgan. Universitetda “fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi” uzluksizligini ta’minlash yuzasidan soha ishlab chiqarish tashkilotlarida kafedra filiallari tashkil etilgan bo‘lib, talabalar bevosita o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha turli tijorat banklari, moliya tashkilotlari, sug‘urta kompaniyalari, budjet tashkilotlarida “5+1” formatida amaliy mashg‘ulotlar olib borishadi. Universitet bitiruvchilariga mamlakatimizning moliya-iqtisod va boshqa sohalarida talab yuqori ekanligi bilan ahamiyatlidir. Bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanish ko‘rsatkichi o‘rtacha 98 foizni tashkil etmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ta’lim yo‘nalishlarining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tganligi mazkur ta’lim yo‘nalishlarining xalqaro miqyosda tan olinishi hamda ta’lim sifatining yangi bosqichga ko‘tarilganligidan darak beradi.

Reklama

Ko‘proq yangiliklar: