SpaceX Starship raketasining birinchi muvaffaqiyatli uchirilishini amalga oshirdi

Jahon 09:49 / 07.06.2024 2628

Amerikaning SpaceX aerokosmik kompaniyasi uchta muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng tarixdagi eng kuchli va eng og‘ir Starship raketasining muvaffaqiyatli sinov parvozini amalga oshirdi. 6 iyun, payshanba kuni orbitada taxminan bir soat parvoz qilgandan so‘ng, raketa Yer atmosferasiga soatiga taxminan 25 ming kilometr tezlikda kirib keldi va Avstraliya shimoli-g‘arbida Hind okeaniga qo‘ndi

Raketa Texas janubidagi Starbase kosmodromidan uchirildi va ko‘tarilganidan bir necha daqiqa o‘tgach, Super Heavy prototipi birinchi pog‘onasi Meksika ko‘rfaziga muvaffaqiyatli qo‘ndi. Parvoz internetda real vaqt rejimida namoyish etildi. «Qo‘nish tasdiqlandi! Starship hayajonli to‘rtinchi sinov parvozi bilan butun SpaceX jamoasini tabriklaymiz!» - deb yozdi Ilon Maskning kompaniyasi X ijtimoiy tarmog‘ida.

AQSh Aeronavtika va kosmik makonni tadqiq etish milliy boshqarmasi (NASA) ham kompaniyani «muvaffaqiyatli parvoz» bilan tabrikladi. «Biz insoniyatni Oyga qaytarish uchun yana bir qadam tashladik», dedi NASA rahbari Bill Nelson.

Starship raketasining avvalgi uchirilishlari

Kelajakda bunday kosmik kemalarda odamlarni Oy va Marsga olib borish rejalashtirilgan. Dastlabki uchta uchirish paytida Starship raketalari portlashlar natijasida zarar ko‘rdi. Starship raketasining avvalgi, uchinchi sinov parvozi mart oyi o‘rtalarida amalga oshirilgan va apparat kursdan chiqib ketishi bilan yakunlangan. 

AQSh janubidagi Starbase xususiy kosmodromidan 73 kilometr balandlikda uchirilgan Starship pog‘onalari muvaffaqiyatli ajralib chiqdi. Shundan so‘ng Super Heavy tashuvchisi Meksika ko‘rfazidagi suvga yumshoq qo‘nishni amalga oshirishi rejalashtirilgan edi, biroq birinchi pog‘ona muvaffaqiyatli qo‘na olmadi. Ikkinchi pog‘ona o‘z yo‘nalishini taxminan bir soat davom ettirdi va Yer past orbitasiga kirdi. SpaceX ma’lumotlariga ko‘ra, raketa 200 kmdan ortiq balandlikka ko‘tarila olgan.

2023 yil aprel va noyabr oylarida Starship’ni uchirish bo‘yicha avvalgi ikkita urinish muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Birinchi sinov paytida raketa parvozdan uch daqiqa o‘tgach, pog‘onalar ajratilmaganidan keyin portlab ketdi. Ikkinchi uchirish vaqtida pog‘onalar ajralib chiqishga muvaffaq bo‘ldi, ammo qisqa vaqt o‘tgach portladi. 

Starship - insoniyat tarixidagi eng katta raketa

Starship - insoniyat tarixidagi eng katta va eng kuchli raketa. SpaceX kompaniyasi o‘zi xabar berganidek, kema odamlar va yuklarni Yerning past orbitasiga, Oy va Marsga yetkaza oladi. Tizimning umumiy loyihaviy yuk ko‘tarish quvvati 150 tonnani tashkil etadi. Qayta foydalanish mumkin bo‘lgan Starship tizimi 70 metrli Super Heavy birinchi pog‘onasi va qo‘shimcha dvigatellarga ega 50 metrlik Starship kosmik kemasidan iborat. 

Ko‘proq yangiliklar: