Jahon | 18:21 / 30.01.2025
5080
2 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: Sulaymon Kerimov AQSh sanksiyalariga uchraganida ham SpaceX’da ulushdor bo‘lgan

Rossiyalik senator va milliarder Sulaymon Kerimov Donald Trampning birinchi administratsiyasi joriy etgan sanksiyalar vaqtida ham trast orqali Ilon Maskning SpaceX kompaniyasida ulushga ega bo‘lgan. Bu haqda Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Foto: TASS

Rossiyalik senator va milliarder Sulaymon Kerimov Donald Trampning birinchi administratsiyasi vaqtida joriy etilgan sanksiyalar vaqtida ham trast orqali Ilon Maskning SpaceX kompaniyasida ulushga ega bo‘lgan. Bu haqda Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Agentlikning to‘rt nafar suhbatdoshi, jumladan, ikki nafar yuqori martabali amerikalik amaldorga ko‘ra, Kerimov SpaceX aksiyalariga 2017 yilda tashkil etilgan va Delaverda joylashgan Heritage Trust orqali egalik qilgan. Avvaliga trastning SpaceX’dagi ulushi taxminan 1 foizni tashkil etgan.

Sulaymon Kerimov 2018 yil aprelida Oleg Deripaska, Viktor Vekselberg va boshqa milliarderlar bilan bir qatorda AQSh sanksiyalariga uchragan. Heritage Trust boshqaruvi bilan shug‘ullangan Citigroup kompaniyasi mazkur holat sabab Moliya vazirligiga murojaat qilgan va trast hamda unga bog‘liq tashkilotni bloklash zaruratini ko‘rmagan.

2022 yil iyun oxirlarida AQSh Moliya vazirligi chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi Heritage Trust’ning qariyb 1 milliard dollarlik aktivlarini bloklagan. Bloombergʼning ikki manbasini aytishicha, bu vaqtda SpaceX’ning ulushi allaqachon sotib yuborilgan.

Citigroup vakili holatga izoh berishdan bosh tortgan. Noyabr oyida Citigroup Heritage Trust’da hisobraqamini saqlab qolishni davom etayotgani, ammo taqiqlar sabab mablag‘larni taqsimlay yoki qabul qila olmayotgani ma’lum qilingan.

SpaceX, Ilon Mask va Kerimovning o‘zi agentlik so‘rovlariga javob qaytarmagan.

Bloomberg milliarderlar indeksi ma’lumotlariga ko‘ra, 58 yoshli Sulaymon Kerimov eng badavlat rossiyaliklar ro‘yxatida 17-o‘rinni egallaydi. Umumiy hisobda uning 9,9 milliard dollarga yaqin sof kapitali mavjud. Kerimov 2018 yildan beri AQSh sanksiyalari ostida, shuningdek, keyinroq Yevroittifoq ham unga qarshi sanksiyalar joriy etgan — Kerimov Putinga yaqin oligarxlardan biri hisoblanadi.

Mavzuga oid