Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 iyun kuni Toshkentning Yakkasaroy tumanida bunyod etilgan suv sporti saroyini ko‘zdan kechirdi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli mazkur majmua suv sporti rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida qurilgani ta’kidlanmoqda. Unda ham professional sportchilar, ham havaskorlar uchun sharoit yaratilgan.
50 metrli basseyn va 500 o‘rinli tomoshagohga ega katta zalda xalqaro miqyosdagi musobaqalar, terma jamoa o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish uchun sharoitlar bor. Kichik havzalarda bolalar suv sportini o‘rganishi mumkin.
Majmuada yoshlar, mehnat jamoalari va faxriylar salomatligini mustahkamlashi mumkin. U bir vaqtning o‘zida 100 nafar, bir kunda mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega.
Ikkinchi qavatda ma’muriyat va murabbiylar xonasi, konferensiya zali, trenajyor xonasi hamda sport sharhlovchilari uchun maxsus xonalar joylashgan.
Majmua negizida Suv sporti maktabi tashkil etilgan. Davlat rahbari bu yerda yosh sportchilarning mashg‘ulotlarini kuzatdi.
Bu yil Parij shahrida o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidan 13 nafar sportchi litsenziya qo‘lga kiritgan. Prezident mazkur sportchilar va murabbiylar bilan suhbatlashdi.
- Shaharu qishloqlarda sport majmualari qurib, uni ommalashtirishga katta e’tibor berayamiz. Chunki sport bilan shug‘ullangan yoshlar kam bo‘lmaydi, sog‘lom bo‘ladi, bolalariniyam shunday tarbiyalaydi. Sizdek professional sportchilar bu yo‘lda yoshlarga ham iftixor, ham o‘rnak bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.