Medvedev, Solovyov va Simonyan ustidan Xalqaro jinoiy sudga shikoyat berildi

Jahon 23:06 / 07.06.2024 8148

Rossiyaning sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev, targ‘ibotchilar Vladimir Solovyov va Margarita Simonyan, shuningdek, boshqa rossiyaliklar «ommaviy nafrat olovini yoqqani» uchun Xalqaro jinoiy sudning tergov obektiga aylanishi mumkin. Bu haqda Voice of America xabar berdi. 

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro federatsiya (FIDH) Xarkiv inson huquqlari guruhi va boshqa huquq himoyachilari bilan birgalikda Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokuraturasiga murojaat yo‘lladi. Huquq himoyachilarining ta’kidlashicha, bir qator Rossiya fuqarolari «ommaviy nafrat uyg‘otish» bilan shug‘ullanmoqda, bu insoniyatga qarshi jinoyatdir. 

Murojaatda Medvedev, Solovyov va Simonyandan tashqari «Rossiya segodnya» davlat media guruhi rahbari Dmitriy Kiselev va teleboshlovchi Sergey Mardan ham bor. Huquq himoyachilariga ko‘ra, bu shaxslar Ukrainaning tinch aholisiga nisbatan nafrat uyg‘otgan va shu orqali Ukrainaning bosib olingan hududlarida rus askarlari tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlarni rag‘batlantirgan va osonlashtirgan. 

Murojaatda Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbari birinchi o‘rinbosari Aleksey Gromov ham tilga olingan. U Rossiya media makonida ushbu nafrat kampaniyasining tashkilotchisi deb aytilgan. 

«Har kuni ukrainaliklar rus bombalari ostida halok bo‘lmoqda, ukrainalik bolalar Rossiyaga deportatsiya qilinmoqda (...) Buni Rossiya targ‘ibotchilarining noinsoniy tashviqotisiz amalga oshirish mumkin emas edi. Ular Ukraina tinch fuqarolarini o‘q otib o‘ldirganlar bilan teng aybdor», dedi FIDH vitse-prezidenti Aleksandra Matviychuk. 

FIDH 2022 yil 24 fevraldan 2024 yil 24 fevralgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan targ‘ibotchilarning 2 mingdan ortiq videolarini tahlil qilgan. XJSga taqdim etilgan 110 sahifali taqdimnomada targ‘ibotchilarning insoniyatga qarshi jinoyatga teng bo‘lgan nafratni qo‘zg‘atuvchi 300 dan ortiq bayonoti aniqlangan.

Ko‘proq yangiliklar: