2025 yildan O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan, mobil yoki simli telekommunikatsiya tarmoqlariga ega telekommunikatsiya operatorlariga sinov tariqasida xalqaro internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanish huquqi beriladi. Bu prezident farmonida nazarda tutilgan.
Shuningdek, qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo faoliyatlarini litsenziyalash tartibi joriy etiladi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Energetika vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2024 yil 1 sentabrgacha qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdosi tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi 2024 yil 1 oktyabrgacha axborot va milliy xavfsizlikning to‘liq ta’minlanishini nazarda tutgan holda telekommunikatsiya operatorlarining sinov tariqasida xalqaro internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanishi va bosqichma-bosqich boshqa operatorlarga xalqaro internet kanallarini tashkil etish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.