"Dunyo" xabariga ko‘ra, mazkur tadbir O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim o‘rtasida 17 mayda Toshkentda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi Savdo bo‘yicha qo‘shma qo‘mitani Hukumatlararo komissiyaga aylantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi doirasida tashkil etildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston tomonidan investitsiyalar, tashqi savdo va sanoat vaziri Laziz Qudratov, Malayziya tomonidan investitsiya, savdo va sanoat vaziri Zafrul Abdul Aziz raislik qildilar.
Unda tomonlar uchun ustuvor bo‘lgan yo‘nalishlar – savdo, investitsiya, turizm, axborot texnologiyalari, ta’lim, halol standartlarini joriy qilish, sog‘likni saqlash va boshqa qator sohalardagi o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Muhokamalar natijasida har ikkala tomon ekspertlari ishtirokida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhlarini tuzish, o‘zaro hamkorlikning amaliy rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda ularning ijrosini nazoratga olish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Tadbir so‘nggida Hukumatlararo komissiyaning tegishli bayonnomasi imzolanib, uning ikkinchi yig‘ilishini O‘zbekistonning Xiva shahrida o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi.