Qon quyuqlashishi insult va infarkt xavfini oshiradi

Jamiyat 22:43 / 05.06.2024 5722

Qonning to‘q rangga kirib, quyuqlashishi salomatlik uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Mutaxassislarning fikricha, bu holatga e’tiborsiz bo‘lish mumkin emas va o‘z vaqtida davolanish lozim. 

— Qon – inson tana a’zo va to‘qimalarini kislorod hamda zarur ozuqa moddalari bilan ta’minlaydi, dedi oliy toifali shifokor Nazokat Oripova. — U infeksiyalarga qarshi kurashib, ichki a’zolar faoliyatida ishtirok etadi. Qon quyuqlashishi organizmdagi ana shu jarayonlarning buzilishiga olib kelishi, oqibatda esa yashirin kasalliklar yuzaga kelishi yoki yangilari paydo bo‘lishi mumkin. 

Qon quyuqlashishiga ko‘pincha sovqotish, qattiq asabiylashish, qandli diabet, shuningdek shirinliklar, kartoshka, banan, tuxum, gazli ichimliklar, fastfud va turli qovurma taomlarni ko‘p iste’mol qilish sabab bo‘ladi. Qolaversa, bu holat kam suyuqlik ichish, havo haroratining ko‘tarilishi yoki keskin pasayishi va organizmdagi ayrim o‘zgarishlar tufayli ham yuzaga keladi. 

Oqibatda insonda bosh og‘rig‘i, jizzakilik, tushkunlik, xotira pasayishi, holsizlik, uyquchanlik, qo‘l va oyoqlar sovqotishi, og‘iz qurishi kabi simptomlar kuzatiladi. Qolaversa, yurak tez urishi, nafas qisishi, tananing turli qismlarida ko‘karishlar paydo bo‘lishi va tirnoq shakli o‘zgarishi mumkin. Hatto miyaga qon yaxshi yetib bormasa, bosh aylanishi, hushdan ketish ehtimoli ham mavjud. Bu salbiy holatlar esa tomirlarda qon aylanishining buzilishi va trombozlar hosil bo‘lganidan darak berishi mumkin. Oqibatda insult va infarkt xavfi ortadi. 

Qon holatini tekshirish uchun shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilish lozim. Agar tibbiy tekshiruvdan so‘ng uning quyuqligi me’yordan ortiq ekani ma’lum bo‘lsa, zarur muolajalar tayinlanadi. 

Ta’kidlanishicha, qonni suyultiruvchi dori vositalarini o‘zboshimchalik bilan qabul qilish mumkin emas. Sababi uning haddan ortiq suyuq bo‘lishi jarohatlarda qonning to‘xtamay qolishiga olib keladi.

Ko‘proq yangiliklar: