Prezidentning 2023 yil 27 dekabrdagi PQ-410-son qaroriga muvofiq Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida:
- ularda joylashtirilgan shaxslarga ularning ehtiyoji hamda xohishiga ko‘ra qisqa va uzoq muddat qolish hamda internat uyidan butunlay chiqish imkoniyati yaratiladi;
- ular joylashgan hududdagi o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, shu jumladan "Ijtimoiy himoya yagona reyestri" axborot tizimiga kiritilgan oilalarning o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalari va nogironligi bo‘lgan shaxslariga shartnoma asosida mobil, kunduzgi qatnov shaklidagi, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi.
Bunda, yagona reyestrga kiritilgan oilalarning o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalari va nogironligi bo‘lgan shaxslariga xizmat ko‘rsatish shartnomaga muvofiq ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari narxining 20 foizi to‘lanadi. Ushbu summa Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda bosqichma-bosqich 50 foizgacha oshirilishi mumkin.
SSP tomonidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarning qo‘l mehnati bilan tayyorlangan mahsulotlarni “Ijtimoiy mahsulot” elektron savdo platformasida, boshqa elektron savdo maydonchalarida va ko‘rgazmalarda hamda "O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ijtimoiy mahsulot" tovar belgisi ostida jahon bozorlarida sotilishi uchun har tomonlama ko‘maklashib boriladi.
2024 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi va "Nuroniy" jamg‘armasi tomonidan har chorakda ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida qatnashish istagida bo‘lgan volontyorlar to‘g‘risidagi ma’lumot agentlikka taqdim etib boriladi.
Markazlarga volontyor sifatida jalb qilingan shaxslarni rag‘batlantirish qonunchilikda belgilangan tartibda Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Hujjat bilan Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlariga joylashtirish hamda ularga ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.