BMT O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan rezolyutsiyani ma’qulladi 

O‘zbekiston 22:51 / 05.06.2024 4241

4 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo‘lib harakat va hamkorlik qilishga tayyorligi» rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi. 

Rezolyutsiyaga 30 dan ortiq davlat, jumladan, Armaniston, BAA, Bahrayn, Belarus, Eron, Indoneziya, Iordaniya, Jazoir, Kuvayt, Marokash, O‘mon, Ozarboyjon, Pokiston, Qatar, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Senegal, Singapur, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Xitoy, Yaponiya va boshqalar hammualliflik qilgan. 

Rezolyutsiya konsepsiyasi O‘zbekiston prezidentining 2021 yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqi asosida ishlab chiqilgan. 

Hujjatda O‘zbekistonda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2028 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyaning asosini tashkil etuvchi konseptual qoidalar inobatga olingan. 

Qarorda ta’kidlanganidek, Markaziy Osiyoda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish mintaqada giyohvand moddalar savdosi va giyohvandlikka qarshi kurash bilan chambarchas bog‘liq. 

Hujjatda giyohvandlik vositalari va prekursorlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish, strategik tashabbuslar va chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, giyohvand moddalar bilan bog‘liq muammolarni har tomonlama hal etishda BMT, xalqaro moliya institutlari va boshqa manfaatdor taraflar tomonidan Markaziy Osiyo davlatlariga ko‘makni kengaytirish muhimligi qayd etilgan.

 

Ko‘proq yangiliklar: