“A’zolikka nomzodlar orasidan ilk tashrifim O‘zbekistonga bo‘ldi” - JST bosh direktori

O‘zbekiston 22:35 / 05.06.2024 13070

4 iyun kuni JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala O‘zbekistonga keldi. 5 iyun kuni esa Toshkent shahrida, Hilton mehmonxonasida “O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlar va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni” mavzusidagi konferensiyada ishtirok etdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Tadbirda O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha bosh muzokarachisi, prezidentning JST masalalari bo‘yicha vakili Azizbek O‘runov, prezident maslahatchisi Ravshan G‘ulomov, Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hamda Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyada so‘zga chiqqan JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala tashkilotga 3 yil oldin direktor etib tayinlaganidan beri O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yaqindan kuzatayotganini ta’kidladi.

“Kuch-quvvat va jasoratni qadrlayman, bu – a’zollikka da’vogar davlatlar orasidan birinchi bo‘lib tashrif buyurishga O‘zbekistonni tanlaganimning sababidir. Hukumatga bu bilan qo‘llov-quvvatlovimni ko‘rsatmoqchi bo‘ldim, siz a’zolik jarayonlarida duch kelayotgan qiyinchiliklarni raqamlar tasdiqlab turibdi. A’zolik jarayonlari qayta tiklanganidan keyin 4 yil o‘tdi. 15 yillik jarayonlardan keyin, oxirgi 18 oyda muzokaralar jadallashdi”, – dedi JST bosh direktori.

Uning ta’kidlashicha, hozirda JSTga a’zo bo‘lishga 22 ta davlat nomzodlik qilmoqda. Ngozi Okonjo-Iveala har bir davlatning a’zo bo‘lish jarayoni o‘ziga xos bo‘lsa-da, jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun 5 ta asosiy komponent zarurligini ta’kidladi. Bular:

  • kuchli siyosiy iroda;
  • idoralararo muvofiqlashtirishning samarali mexanizmi;
  • malakali bosh muzokarachi boshchiligidagi mehnatsevar texnik muzokarachilar guruhi;
  • hamkorlarning qimmatli yordami;
  • amaliy harakatlarning vaqtlarini belgilovchi yo‘l xaritasi.

Ngozi xonim bu komponentlarning har biriga alohida to‘xtaldi.

“Birinchidan, siyosiy iroda. O‘tgan o‘n ikki oy davomida men O‘zbekiston prezidenti janobi oliylari, prezident yordamchisi va bosh vazirning ikki o‘rinbosari, shuningdek, Jyenevada bosh muzokarachi va elchilar bilan uchrashdim. Ularning messeji aniq: JSTga a’zo bo‘lish – hukumatning ustuvor yo‘nalishi. Bu qo‘shilish jarayonini yakunlash uchun eng muhim tarkibiy qism.

Ikkinchidan, a’zo davlatlar bilan muzokaralar. Ichki holat qat’iyroq. Yaxshi faoliyat yuritayotgan ichki muvofiqlashtiruvchi muzokaralar a’zolik sifati va izchilligini belgilaydi. Shu sababli bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekistonning tashkilotga a’zoligi bo‘yicha komissiya rahbarining oxirgi 3 ta ishchi guruhida doimiy qatnashishi JST a’zolarining ishonchini oshirishda muhim bo‘ldi.

Uchinchidan, bosh muzokarachi va texnik jamoaning muzokaralarga kirishishi. Men jamoaning muzokaralarini kuzatdim va ular yig‘ilishni katta ishtiyoq bilan qanchalik tez tashkil etgani meni hayratda qoldirdi.

To‘rtinchidan, tashkilot qoidalari jihatidan qo‘llab turadigan hamkorlar. Texnik tahlillar, o‘qitish va ikki tomonlama hamkorlarning bo‘lishi.

Beshinchidan, yo‘l xaritasi. U vaqt jadvali va harakatlarni o‘zida aks ettirishi kerak. So‘nggi ishchi yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosari Kamerunda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi 14-vazirlar konferensiyasigacha, ya’ni 2026 yilgacha JSTga a’zo bo‘lish maqsadini e’lon qildi.

Ko‘pchilik bu maqsadni olqishlasa, boshqalar O‘zbekistonni muddatdan ko‘ra harakatlarga e’tibor qaratishga undamoqda. Mening maslahatim shundaki, asosiy e’tiborni o‘zingizning harakatlaringizga va ularning mohiyatiga qaratishingiz kerak, shu bilan birga, sizda harakatlar bo‘yicha vaqt-grafigi va amaliy qadamlar ham bo‘lishi zarur”, – dedi Ngozi xonim.

JST bosh direktori 4 iyun kuni Toshkentga qo‘ngach, bir necha soat oldin O‘zbekistonning a’zolik jarayonini tezlashtirish bo‘yicha prezident farmoni chiqqanini eshitgani va buni iliq kutib olish deb baholaganini aytdi.

“Hujjatda JST a’zolarini xavotirga soladigan bir qator masalalar, xususan, bir qancha sohalarga, masalan, eksklyuziv huquqlarga ega davlat korxonalari, eksport cheklovlari, etil spirti, tamaki va alkogol importiga taqiqlar hamda eksport subsidiyalari kabilarni qamrab oladi.

Men hukumatni a’zolar tomonidan ko‘tarilgan boshqa masalalar, masalan eksport resurslariga e’tibor qaratish va bu yo‘ldagi ishlarni davom ettirishga undayman”, – u.

Eslatib o‘tamiz, nigeriyalik-amerikalik funksioner 5 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi. Unda davlat rahbari O‘zbekistonning tez fursatda tashkilotga a’zo bo‘lishi muhimligini ta’kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: