“Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, davlat xaridlarini amalga oshirishda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash maqsadida 2025 yil 1 yanvardan boshlab:
- budjet buyurtmachilari tomonidan, shu jumladan, budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan tuziladigan shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar tegishli tartibda G‘aznachilik xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan (hisobga olingandan) so‘ng amalga oshiriladi;
- davlat buyurtmachilari bo‘lgan davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari zimmasiga davlat xaridlarini amalga oshirishda sohaga oid qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etilishi, shuningdek, davlat xaridlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklanadi;
- belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, ish hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlari) mavjud bo‘lmaganda yoki loyiha hujjatlarini tayyorlash qurilish-montaj ishlari bilan parallel ravishda olib borilganda, konsolidatsiyalashgan budjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalar, shuningdek, davlat banklari va davlat ishtirokidagi korxonalar hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish taqiqlanadi.
Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimiga (ASCM) muvofiqlashtirish maqsadida 2024 yil 1 oktyabrga qadar:
- Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilayotgan subsidiya va preferensiyalarni, shu jumladan, tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlarni 2025 yil 1 yanvardan bekor qilishni, shuningdek, JST qoidalari bilan taqiqlanmagan qo‘llab-quvvatlash choralarini;
- Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Adliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda samarasi past bo‘lgan soliq va bojxona imtiyozlarini 2025 yil 1 yanvardan bekor qilishni nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish belgilandi.
O‘zbekiston hududiga import qilinadigan va ishlab chiqariladigan aksiz solig‘i to‘lanadigan tovarlar uchun aksiz solig‘i stavkalarini quyidagi eng oxirgi muddatlargacha bosqichma-bosqich birxillashtiriladi:
- 2026 yil 1 yanvar – tamaki mahsulotlari uchun;
- 2027 yil 1 yanvar – alkogol mahsulotlari va shakar uchun.
O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan bojxona boji, yig‘imlari va qiymatini Jahon savdo tashkilotining Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitimi (GATT 1994) talablariga moslashtirish maqsadida:
- 2025 yil 1 yanvardan boshlab joriy etiladigan bojxona yig‘imlarining fiskal maqsadlarda undirilmasligi belgilanadi;
- Bojxona qo‘mitasi 2024 yil 1 avgustga qadar bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya (J.Xo‘jayev) 2024 yil 1 avgustga qadar:
- savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi (MFN) nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoxud ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan bojxona bojlarini qo‘llash bo‘yicha amaldagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqib, uning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflarni;
- import bojxona bojlari stavkalarining qo‘llanishi samaradorligini oshirish va shaffofligini ta’minlash maqsadida amaldagi bojxona tariflarini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 2022 yilgi tahririga muvofiqlashtirish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.