Bir nechta yirik korxonalarga berilgan eksklyuziv huquqlar bekor qilinadi - prezident farmoni

O‘zbekiston 10:21 / 04.06.2024 22154

Shavkat Mirziyoyev “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat bilan 2025 yil 1 yanvardan boshlab 4 ta, 2026 yil 1 iyuldan boshlab 2 ta yirik korxonaga qonunchilik bilan taqdim etilgan maxsus huquqlar bekor qilinmoqda.

Farmonga ko‘ra, qonunchilik bilan taqdim etilgan quyidagi maxsus huquqlar bekor qilinmoqda:

a) 2025 yil 1 yanvardan boshlab:

  • “O‘zmetkombinat” AJning respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) huquqi;
  • “O‘zikkilamchiranglimetall” AJning respublika hududida rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash va eksport qilish huquqi;
  • “O‘ztreyd” AJning konsignatsiya shartlarida oziq-ovqat uni va bug‘doyni, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari, dehqon va fermer xo‘jaliklari mahsulotlarini bank kafolatlari yoki siyosiy va tijorat xavflaridan eksport shartnomalarini sug‘urtalash polislarini taqdim etmasdan eksport qilinadigan mahsulotlarni savdo uylari manzillariga tushirish huquqi;
  • “O‘zkimyoimpeks” MChJning “O‘zkimyosanoat” AJ tashkilotlari kimyoviy mahsulotlari eksporti hamda ularning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar importini amalga oshirishdagi yagona agent huquqi;

b) 2026 yil 1 iyuldan boshlab:

  • “UzGasTrade” AJning tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish bo‘yicha yagona operator sifatidagi huquqi;
  • “O‘zenergosotish” AJning elektr energiyasining eksporti va importini markazlashgan tartibda amalga oshirish huquqi.

Hujjat bilan 2025 yil 1 yanvardan boshlab:

  • qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo faoliyatlarini litsenziyalash tartibi joriy etiladi;
  • mobil va (yoki) simli telekommunikatsiya tarmoqlariga ega O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritadigan telekommunikatsiya operatorlariga tezkor-qidiruv faoliyati, axborot va kiberxavfsizlik tizimlari talablariga to‘liq rioya qilgan holda sinov tariqasida xalqaro Internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqi beriladi.

Bundan tashqari, 2026 yil 1 yanvardan boshlab birja savdolarida sotib olingan mis katodi va mis katankasini eksport qilishga cheklovlar bekor qilinsin. Bunda mis katodi va mis katankasi eksporti quyidagi shartlar asosida amalga oshirilishi belgilanmoqda:

  • eksportga yo‘naltirish maqsadida birja savdolarida xarid qilingan mis katodi va mis katankasi xarid narxiga belgilangan chegirma hamda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga nisbatan to‘lovni kechiktirish imtiyozi qo‘llanmaydi;
  • mis katodi va mis katankasini “eksport” bojxona rejimiga joylashtirish uchun uning eksportga yo‘naltirilgan hajmiga nisbatan birja savdolari xarid narxiga qo‘llangan chegirma summasi qaytarilganligi hamda to‘lovning kechiktirilgan qismi to‘liq to‘langanligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining ma’lumotnomasi taqdim etilishi shart.

Farmonda Transport vazirligi hamda “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2024 yil 1 sentabrga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilanyapti:

  • 2024 yil 1 oktyabrdan boshlab bosqichma-bosqich 2025 yil 1 aprelgacha respublika hududida temiryo‘l transportida yuk tashishda taqdim etilayotgan chegirmalar berish amaliyotini bekor qilish;
  • temiryo‘l orqali yuklarni tashishda eksport va import tashish xizmatlari uchun tariflarni 2030 yilgacha bosqichma-bosqich birxillashtirish.

Shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan boshlab  “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni bilan tartibga solinadigan korporativ buyurtmachilar tomonidan amalga oshiriladigan xaridlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalar, shu jumladan, mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi preferensiyasi hamda mahalliy ishlab chiqarilgan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarga nisbatan 20 foizgacha narx preferensiyasi bekor qilinadi.

Qabul qilingan farmonga prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva izoh berdi.

“Biz Jahon savdo tashkilotining eng asosiy shartlaridan biri – barcha uchun teng va erkin raqobat sharoitini yaratish prinsipiga amal qilgan holda, mamlakatimizning ushbu tashkilotga a’zo bo‘lish borasida qarori qat’iy ekanini yana bir bor namoyish qilmoqdamiz”, dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: