“Xonadonlarning uchdan bir qismida tabiiy gaz yo‘q” - Jamshid Qo‘chqorov

O‘zbekiston 14:19 / 03.06.2024 15893

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bosh vazirining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2023 yildagi hamda 2024 yilning birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risida hisobot berdi.

Majlisda deputat Doniyor G‘aniyev 1 maydan aholi xonadonlari uchun yangi energetika tariflari kuchga kirganiga e’tibor qaratdi.

“Bu og‘riqli, ammo qilishimiz kerak bo‘lgan qaror edi. Bu haqda odamlarga ham tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Ammo joylarda ijtimoiy limit borasida e’tirozlar bo‘lyapti. Asosiy e’tiroz – limitni belgilashda tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan fuqarolarning ehtiyoji inobatga olinmaganligi. Ba’zi bir hududlar borki, tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan va ular qish davomida isitish uchun elektrdan foydalanadi. Bu noto‘g‘ri, ammo ularda ham boshqa tanlov yo‘q. Ularga qish mavsumida to‘lovlar juda ham katta bo‘lishini hozirdan hisoblash mumkin”, dedi Doniyor G‘aniyev.

Deputat qish mavsumida tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan xonadonlar uchun belgilangan ijtimoiy limit miqdorini kengaytirish masalasining ko‘rib chiqilishi 100 minglab fuqarolarning og‘irini yengil qilishda muhim bo‘lishini va bu bo‘yicha tizimli yechim taklif qilinishi kerakligini ta’kidladi.

“To‘g‘ri savol qo‘yildi. Xonadonlarning uchdan bir qismida tabiiy gaz yo‘q. Ular ko‘mir va o‘tinni bozor narxida oladi. Ayniqsa, o‘tinni. O‘zimizning ko‘mirdan ma’lum miqdorda cheklangan narxlarda xarid qilish imkoniyati bor. Tushunishim bo‘yicha, ular gaz yo‘qligi uchun qanaqadir ijtimoiy himoyalash dastagidan foydalanmaydimi degan mazmundagi savol bo‘lyapti. Bu savol to‘g‘ri deb o‘ylaymiz. Ayniqsa qish paytida. Hozir biz buni yozib olib, bu bo‘yicha shug‘ullanib, keyin maslahat qilib, xabarini beramiz”, dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Eslatib o‘tamiz, 1 maydan maishiy iste’molchilar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha narxlar oshirilgandi. Bunda elektr energiyasiga hamma uchun bir xil – oyiga 200 kWh'gacha ijtimoiy me’yor kiritilgan.

Ko‘proq yangiliklar: