Prezident turizm sohasi tadbirkorlari ko‘targan masalalar bo‘yicha topshiriqlar berdi

O‘zbekiston 19:44 / 03.06.2024 4054

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 iyun kuni turizm sohasidagi tadbirkorlar bilan muloqot qildi.

Muloqotda tadbirkorlar tomonidan, jumladan, quyidagi masalalar ko‘tarildi, taklif va tashabbuslar bildirildi:

  • turizm xizmatlari ko‘rsatuvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish;
  • turoperatorlarni madaniy meros obektlari va temir yo‘l chiptalari narxlaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida oldindan xabardor qilish;
  • mehmonxona boshqaruvchilarini tayyorlash va mehmonxona qurishga subsidiyalar doirasini kengaytirish;
  • pensiya yoshidagi turistlarga alohida viza tartibini joriy etish;
  • tarixiy shaxslarning uy-muzeylarini restavratsiya qilish va boshqalar.

Davlat rahbari bildirilgan fikr va takliflardan kelib chiqib, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga quyidagilar yuzasidan taklif kiritishni topshirdi:

  • xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatgan turoperatorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini subsidiya sifatida qaytarish muddatini uzaytirish va uni qo‘llash tartibini aniq belgilash;
  • turizm kompaniyalariga aylanma mablag‘ uchun eksportoldi moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish;
  • turistlarga mo‘ljallangan, yangi ishlab chiqarilgan “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga to‘g‘ri keladigan avtobus va mikroavtobuslarni bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod etish muddatini uzaytirish;
  • so‘nggi 3 yilda tashkil topgan turkompaniyalarga xalqaro ko‘rgazmalardagi pavilon ijarasi xarajatini 50 foizini qoplab berishni yo‘lga qo‘yish;
  • xalqaro festivallarda qatnashadigan hunarmandlarga pavilon, yuklar va aviachipta xarajatining 50 foizini qoplab berish tizimini yo‘lga qo‘yish

Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan:

  • maktab va kollej o‘quvchilari avtobusda bir viloyatdan boshqasiga sayohat qilishida yo‘l-patrul xizmati hamrohligi uchun tariflarni keskin kamaytirish;
  • har yili kamida 20 ta o‘rta bo‘g‘in menejerlarini xorijda qisqa muddatli malaka oshirishga yuborish, yangi o‘quv yilidan turizm sohasidagi oliygoh va texnikumlarda “dual ta’lim”ni joriy qilish;
  • 3-4 qavatli mehmonxonalarga ham subsidiya berish, mehmonxonasi bo‘lmagan 22 ta tumanda kichik otellar barpo etishga oilaviy xonalar sonidan kelib chiqib subsidiya ajratish;
  • xalqaro tajriba asosida milliy mehmonxona brendlarini yaratish tashabbuslarini o‘rganib, tegishli choralarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, muloqotda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan:

  • xorijiy davlatlardan keladigan pensiya yoshidagi sayyohlarning O‘zbekistonda 6 oygacha vizasiz bo‘lishi tartibini ishlab chiqish;
  • kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchisi bo‘lgan uch kunlik biznes tadbirni tashkil qilganlarga tadbirdan olingan daromad solig‘ini 50 foizga kamaytirish, QQSning yarmini qaytarish tizimini joriy qilish;
  • Toshkentdagi Chorsu bozori va Xivada milliy koloritga ega sharq bozorini tashkil etish;
  • bolalar oromgohlarini xususiy sheriklik asosida rivojlantirish kabi fikrlarni chuqur o‘rganib, ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar kiritish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev sohani qo‘llab-quvvatlash maqsadida turizmni rivojlantirish bo‘yicha jamoatchilik kengashini tuzishni taklif qildi. Bu tashabbus uchrashuvda ishtirok etgan turizm sohasi vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Ko‘proq yangiliklar: