Bu haqida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov Kun.uz’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Joriy yilgacha 8 ta OTMning chet tili birinchi mutaxassislik fan bo‘lgan yo‘nalishlarida abituriyentlardan test emas, ijodiy imtihon olinardi. Bu yilgi qabulda mana shu OTMda ham ijodiy imtihon o‘rniga test bo‘ladi va bu OTMga topshiradigan abituriyentlar ham o‘tgan yildagi kabi faqat shu OTM doirasida emas, respublikadagi barcha OTMdan o‘z yo‘nalishiga to‘g‘ri kelgan 5tasini tanlashi mumkin bo‘ladi.
2024 yilda ushbu ro‘yxatdagi OTMda ham boshqa chet tili yo‘nalishi bor OTM kabi test imtihoni o‘tkaziladi:
- O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
- Samarqand davlat chet tillar instituti;
- Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti;
- Toshkent davlat pedagogika universiteti;
- Qo‘qon davlat pedagogika instituti;
- Nukus davlat pedagogika instituti;
- Andijon davlat chet tillar instituti;
- Namangan davlat chet tillar institutining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari.
“Prezident farmonida 2025/2026 o‘quv yili qabulidan boshlab fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshiriladi, deyilgan.
Ijodiy imtihonlarda, chet tili yo‘nalishlarida yangilik – Oliy ta’lim vazirligi mas’uli bilan suhbat
Bu keyingi yildan chet tili birinchi fan bo‘lgan barcha yo‘nalishlarga hujjat topshiruvchi abituriyentlar uchun sertifikat majburiy bo‘lishini anglatadi. Agar keyinchalik qaysidir yo‘nalishga chet tili birinchi fanga aylantirilsa ham, shu yo‘nalishga topshiruvchi abituriyent uchun sertifikat talabi majburiy bo‘ladi. Bu haqida bir yil oldindan abituriyentlarni ogohlantiryapmiz: keyingi yildan chet tili birinchi fan bo‘lgan yo‘nalishlarga topshiruvchi abituriyentlar hozirdan harakat boshlashi kerak”, deb tushuntirdi Abduvali Xoliqov.