Endilikda zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi beriladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qonunchilik palatasida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan qonun qabul qilinib, Senatga yuborilgan.
“Shunday vaqtlar bo‘ldiki, qonunlarimizdagi bo‘shliqlar hamda vakolatli organlar bo‘lmagani tufayli jamiyat bolasini kaltaklab turgan ota-onaga qarshi lom-mim deya olmadi. “Bola meniki, qanday tarbiyalasam, o‘zim bilaman”, deydiganlarga “hoy”, deyishdan nariga o‘tolmagan vaqtlar bo‘ldi.
Endi bu kabi holatlarga nuqta qo‘yiladi. O‘zbekiston tarixida ilk marta jabrlangan bolani hatto oiladan ajratib olishimizga izn beradigan bazaviy huquqiy asos yaratildi.
Endi zo‘ravonlikdan jabrlangan bola yoki uning qonuniy vakili ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat eta oladi va bu jarayonda davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi”, deya ta’kidlab o‘tgan Odiljon Tojiyev.
Spiker o‘rinbosari ushbu qabul qilingan qonunga amalda ehtiyoj sezilmasligiga va bolalar hech qachon zo‘ravonlikka uchramasligiga umid bildirib qolgan.