Rejissyor Jahongir Ahmedov Kun.uz bilan suhbatda ushbu filmning ahamiyati, o‘zbek kinosanoati uchun yangilik bo‘lgan asosiy tomonlari, suratga olish jarayonlaridagi mashaqqat xususida gapirib berdi.
Muallifga ko‘ra, filmni suratga olishga 3 yildan ortiq vaqt ketgan. Eng og‘ir va qiyin bosqich – ssenariy yozish bo‘lgan. Biz tarixchilar, olimlar, qadimshunoslar bilan jiddiy bahsga kirishdik. Ijod va fan tomonlama keskin munozaralar bo‘ldi, oxirida qiyinchilik bilan ssenariy yozishni yakunladik, deydi rejissyor Ahmedov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, film, avvalo, millat birligi xususida. Tarixiy shaxs Bahodir Yalangto‘shning umr yo‘li, sinovli hayoti va har qanday holatda ham yurt manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yishini ko‘rsatish – ijodiy jamoa oldida turgan vazifa edi.
Film o‘zbek kinochilik sanoati tarixida qolishi uchun sabablar yetarli. Birinchidan, suratga olish ishlari to‘liq “O‘zbekfilm” pavilonida bo‘lib o‘tgan, ko‘chaga chiqilmagan. Ikkinchidan, jahon kino sanoatini jiddiy tahlil qilish, o‘rganishlardan keyin O‘zbekistonda analogi yo‘q yangi panoramali virtual pavilon qurilgan. Uchinchidan, qo‘shni davlatlardan aktyorlar hamda kaskadyorlar jamoasi taklif qilingan. To‘rtinchidan, filmni suratga olish jarayonida birorta eski kostyum va liboslardan foydalanilmagan, to‘liq yangi tiktirilgan.
Tarixiy kino, serial, filmlarni tasvirga olishda yana bir qiyin bosqich bu – reallikni saqlab qolish va ijod integratsiyasi. Chunki faqat tarixda bo‘lgan voqea-hodisani ko‘rsatish bilan qiziq, tomoshabinni o‘ziga torta oladigan ijod namunalarini yaratib bo‘lmaydi. To‘qima voqealar, obrazlar, sahnalar, albatta, qo‘shiladi. Rejissyor Ahmedov suhbat davomida “Bahodir Yalangto‘sh”dagi to‘qima obrazlarga alohida to‘xtaldi. Qaysi maqsadda bu obrazlar o‘ylab topilgani ham ochiqlandi.
Biroq ijodiy jamoa film suratga olish boshlanganida bunga tayyor bo‘lmagan. Ham malaka, ham bilim, ham tajriba, ham jasorat kerak bo‘lgan. Avvalo, to‘la tarkibda shu yo‘nalishdagi filmlar ko‘rib, o‘rganilgan. Keyin esa butun jamoaga aynan millat qahramonini ko‘rsatishdek og‘ir missiya topshirilgani tushuntirilgan.
“Jarayonda ssenariy yozish qanchalik qiyin bo‘lsa, aktyorlarni tanlab olish, ularni o‘z rollariga tasdiqlash ham xuddi shunday qiyin bosqichlardan biri. Bahodir Yalangto‘sh rolini ijro etuvchi aktyorni 20 dan ortiq taniqli, o‘z nomiga ega ijodkorlar ichidan tanlab oldik. Lekin kastingda tanlanmadi, degani – ular yomon aktyorlar, degani emas”, deydi Jahongir Ahmedov.
Bundan tashqari, rejissyor suhbat davomida kinochilikdagi muammolarga ham to‘xtaldi. Avvalo, kadrlar masalasi birlamchi muammo. Bundan tashqari, kaskadyorlik maktabining o‘lik holda ekani, tarixiy filmlarga libos tikuvchi biror dizayner yoki korxonaning yo‘qligi, o‘z ishining ustasi hisoblangan texniklar, rassomlar, dizayn ustalarining kamligi – film olishda yaqqol sezilgan. Bir film olinsa, ikkinchisi uchun ishlashga odam qolmaydi, deydi Ahmedov.
Xalqimiz uzoq ishlangan ijod namunalarini, filmlarni kinoteatrlarda ko‘rishi kerak. Ijodkorlarning mehnatini hurmat qilishni, sarflangan xarajat ortga qaytishi uchun uni qo‘llab-quvvatlashni, tarqab ketgan versiyalarni boykot qilishni bilishi kerak, deya qo‘shimcha qildi rejissyor o‘z so‘zini yakunlarkan.
Shohrux Majidov suhbatlashdi.