Asialuxe Travel turoperatori yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ochmoqda. Endi o‘zbekistonliklar Turkiya janubi-g‘arbidagi yangi manzillarga otlanishi, Dalaman, Go‘jyek va Marmaris bilan yaqindan tanishishi mumkin.
Egey dengizi sohillari yaqinidagi Dalaman shahri Turkiyaning boshqa shaharlari kabi mashhur emas - hudud yaqindan turistik markaz sifatida rivojlana boshlagan. Bu ko‘plab mamlakatlar, xususan O‘zbekiston aholisi vakillari uchun misoli ochilmagan qo‘riq kabidir.
Sayyohlik rivoji uchun birinchi navbatda talab etiladigan sharoit - dengizga yaqin bo‘lgan mazkur hududda o‘tgan asr oxirlarida dastlab aeroport qurilgan, keyin ilk mehmonxonalar, restoranlar paydo bo‘lgan, plyajlar jihozlangan va turli tomondan sayyohlarni o‘ziga jalb eta boshlagan.
7 iyun kuni O‘zbekistondan ham mazkur shaharga birinchi reys amalga oshirilmoqda. Bu orqali ushbu hududdagi sayyohlik markazlariga yanada tez va yanada oson yetib olish mumkin bo‘ladi.
Hilton Dalaman - halovat o‘lkasi
Bu atrofda hashamatli va qulay mehmonxonalar juda ko‘p, ammo eng o‘zgachasi - Hilton Dalaman Sarigerme. 2009 yilda qurilgan ushbu besh yulduzli mehmonxona Turkiyadagi birinchi kurort mehmonxona hisoblangan. U asosan ikki qismdan iborat - dastlab qurilgan ikkita besh qavatli bino va keyingi yillarda barpo etilgan sohil uylari (Lake house).
Bu mahalladagi har bir uy oldidan kanal oqib o‘tgan va uning iliq suvida bearmon cho‘milish mumkin. Xonalar keng, yorug‘ va toza, xizmatchilar xonalarni har kuni tozalashadi va muzlatkichni to‘ldirib ketishadi.
Mehmonxonada katta hudud ovqatlanish uchun ajratilgan va mehmonxona bir vaqtning o‘zida mingdan oshiq mijozga xizmat ko‘rsatsa-da, joylar va xizmatchilar soni ham ko‘pligidan hech qanday noqulaylik sezilmaydi. Nonushta, tushlik va kechki ovqat uchun turli restoran va kafelar mavjud, asosiy restoran esa shvedcha stol formatida xizmat ko‘rsatadi. Va bu nuqtalarning barchasida turli-tuman taomlarning barchasi mazali va har kuni menyu o‘zgarib borishiga qaramay, ta’m hamda xizmatchilarning xushmuomilaligi o‘zgarmaydi.
O‘ziga xos kurort shaharchaga aylangan mehmonxona hududida vaqtni maroqli o‘tkazish uchun barchasi bor - ulkan basseynlar, dengiz sohilidagi ulkan va orasta plyaj, konsert zali, bir qancha sport turlari bilan shug‘ullanish uchun maydonlar, bolalar uchun akvapark va hatto hayvonot bog‘i ham bor - zerikib qolmaslik kafolatlangan. Bundan tashqari, mehmonxona yaqinida joylashgan Sarigerme qishlog‘iga chiqib, kichik bozorchada mahalliy aholi vakillari yasagan turli buyumlardan xarid qilish mumkin.
Shu bilan birga, kurortning o‘ziga xosligi shundaki, odam ko‘pligiga qaramay, bu yerda shovqin yo‘q, bu ko‘proq halovat istab kelganlarni birlashtirgan maskan - daraxtlardan taralayotgan xushbo‘y hiddan mast bo‘lib, shunchaki dam olish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda - oilaviy dam olish uchun ideal mehmonxona. Va u yerdan ketganingdan keyin ohanrabo kabi o‘ziga chorlayveradigan joy.
Dalyan - ulkan toshbaqalar daryosi
Ko‘yjyegiz ko‘lidan boshlanadigan Dalyan daryosi bo‘yida qadimiy Likiya davlatiga mansub arxeologik yodgorliklar saqlanib qolgan. Bu o‘sha davrning zodagon kishilari ko‘milgan sag‘analardir. Bunday antiqa yodgorliklar daryoning yoqalab ajoyib peyzaj hosil qiladi.
Kichik kema va qayiqlar tinimsiz suzib yuradigan bu daryoni Turkiya Venetsiyasi deb ham atashadi. Daryoning o‘ziga xosligi - u dunyoning ko‘plab mamlakatlari qatori Turkiyada ham qizil kitobga kiritilgan noyob karetta toshbaqalari uchun vatanga aylangan. Turkiya hukumati toshbaqalarning uzunligi bir metrgacha, vazni 200 kilogrammgacha boruvchi ushbu turini himoyalash uchun tegishli choralarni amalga oshirib kelmoqda, xususan ushbu daryoda qatnov ham toshbaqalarga xalaqit berilmasligi uchun ma’lum soatlarda cheklangan.
Sayyohlar daryo bo‘ylab dengizga yaqinlashganida maxsus joyda toshbaqalarni oziqlantirishi mumkin. Qisqichbaqa, mollyuska, baliqlar tashlanganida ular suv yuzasiga chiqib, o‘z raqsini namoyish etib berishi mumkin.
Shu yergacha suzib kelgan sayyohlar uchun dengiz sohilida katta plyaj ham tayyorlangan.
Bobotog‘ - unutilmas tog‘ sayohati
Mug‘la viloyatidagi yana bir diqqatga sazovor joylardan biri - Babadag' kanat yo‘lidir. Turkiya janubidagi turistik markazlardan biri sanalgan Fethiye shahri chekkasidagi Bobotog‘ va O‘ludeniz sayyohlar albatta tashrif buyurishi lozim bo‘lgan maskanlardir.
Har mavsum bu yerga tog‘ cho‘qqisidan paraplanda sakrash uchun dunyoning turli chekkalaridan minglab sportchilar va havaskorlar tashrif buyurishadi. Siz paraplanda uchishdan qo‘rqsangiz ham, bu tog‘ cho‘qqisiga ko‘tarilishingiz kerak.
Yuqoriga ikki usulda chiqish mumkin: avtomobil (vezdexod) va funikuler. Ko‘pchilik ikkinchisini tanlaydi - uning dastlabki bekati 1200 metrda. Bu balandlikda tushib, atrofni kuzatish, suratga tushish mumkin. Qolaversa, restoran, konsert sahnasi (darvoqe, bu yerda har yili mashhur musiqa festivali o‘tkaziladi), park hamda paraplanchilarning sakrash nuqtasi mavjud. Bu yerdan professional va tajribali paraplanchilar hamrohligida oddiy sayyohlar ham uchishi mumkin.
Keyingi bekat - 1700 m balandlikda. Bu yerda ham restoran, shuningdek sayr qilish uchun shisha ko‘prik, atrofni kuzatish maydoni va paraplanchilarning sakrash hududi mavjud.
Shu yerdan funikuler harakati to‘xtab, yuqoriga kanat yo‘lida usti ochiq ikki kishilik kresloda yoki mashinada chiqish kerak bo‘ladi. 1800 m balandlikdagi uchinchi bekatda burgerxona, sayr qilish va suratga olish hududi va paraplanchilar nuqtasi bor.
Oxirgi balandlik - 1900 m. Bu yerda ham tamaddixona, vertolyot qo‘nish-uchish maydoni va albatta paraplanchilar sakrash nuqtasi o‘rnatilgan. Sportchilar havo sharoitiga qarab shu to‘rt nuqtadan biridan sakrashadi. Parvoz 25-30 daqiqa davom etadi va ular O‘ludeniz sohiliga ohista qo‘nishadi. Kanat yo‘lida tushishda ko‘tarilishdagi kabi harakat bo‘ladi, harakat bir tomonga, ya’ni 1700 metrga tushilgach, qaytib 1800 metrga chiqib bo‘lmaydi.
Keling, chiqing, barcha go‘zallikka o‘z ko‘zingiz bilan guvoh bo‘ling.
Go‘jyek - millionerlar shahri
Bu yerga istalgan usulda yetib borish mumkin, u Dalaman aeroportidan 20 km masofada joylashgan. Turkiyaning sharqini g‘arbi bilan bog‘laydigan asosiy shosse ham shu shahardan o‘tadi. Bundan tashqari, Go‘jyek - dengiz orqali harakatlanuvchilarning quruqlikka chiqish va suvga tushish joyi hisoblanadi.
Shaharda ko‘p qavatli binolarni umuman uchratmaysiz. 1998 yilgi yangi qurilish normalariga ko‘ra, bu yerda binolarni ikki qavatdan yuqori qilib qurish taqiqlangan, bu esa shaharni asl holida saqlab qolish imkonini bergan. U ayniqsa kun botganda ertaknamo ko‘rinish oladi.
Shaharning sayyohlarni o‘ziga jalb qiluvchi xususiyatlaridan biri - har qanday mavsum uchun ideal ob-havoga egaligidir. Erta tongda momaqaldiroq guldirab, jala quyishi, bir soat o‘tmay quyosh charaqlab qizitishi mumkin.
Bu yerdagi eng yaxshi mehmonxonalardan biri - Rixos Premium Gojek. Bu kattagina maydonni egallagan mehmonxonadagi restoran va kafelarda milliy va yevropacha taomlardan lazzatlanish, hovuzlarda cho‘milish, daraxtzorlar oralab sayr qilish mumkin.
Mehmonxona katerlari mijozlarni bir zumda yaqindagi orol sohiliga eltib qo‘yadi, bu yerda Secret beach joylashgan, istovchilar kunni shu yerda maroqli o‘tkazishi uchun ham barcha sharoitlar muhayyo qilingan.
Go‘jyekning yana bir mashhur nuqtasi - Port villa hisoblanadi. Kanal yoqasidagi xususiy uylar hosil qilgan ajoyib manzara fonida boshqa joyda takrorlanmas suratlarga tushish mumkin.
Marmaris - yoshlar uchun kurort
Bu yerni Turkiyadagi Ibitsa ham deyishadi. Bu yerda mamlakatdagi eng uzun plyaj sohili joylashgan, uning boshidan oxiriga qadar sizga kafe va restoranlar, do‘konlar tizilgan. Sohil ayniqsa tunda gavjum bo‘lib, yoshlar uchun musiqa va raqs kechalari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, dengizning tiniq suvida cho‘milish, kruiz yoki kichikroq qayiqlarda dengiz sayohatiga otlanish mumkin.
Shaharning e’tiborli joylaridan yana biri - Marmaris qal’asi. Qal’a 1522 yilda Sulaymon buyuk farmoni bilan harbiy maqsadda qurilgan hamda Rodos oroli uchun janglarda kemalarni ko‘zdan pana qilish uchun foydalanilgan. Hozirda qal’aning bir qismi yaxshi saqlanib qolgan va muzeyga aylantirilgan.
Doim quyosh charaqlab turadigan bu kurort albatta kelishga arziydi.