Rossiyada vatanparvarlik ruhidagi she’rlar muallifi qotillik uchun sudlanmoqda

Jahon 12:12 / 31.05.2024 2095

Rostov-Don janubiy okrug harbiy sudi ikki nafar rossiyalik harbiy xizmatchi – havo-desant vzvodi komandiri, katta leytenant Aydin Jamidulov va uning qo‘l ostidagi oddiy harbiy xizmatchi Aleksey Dorojkinga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshladi, deb xabar berdi 30 may, payshanba kuni «Kommersant». Ular «LXR»da yashagan 23 yoshli Valentina Davronovani o‘g‘irlash va shafqatsizlarcha o‘ldirishda ayblanmoqda

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qiz go‘yoki Jamidulovni xotiniga yaqin munosabatlari haqida aytib berishini bildirib qo‘rqitgan. Shu munosabat bilan Jamidulov uni sherigi bilan birga egallab olingan Luhanskdagi muassasalardan biridan o‘g‘irlab, yuk mashinasida o‘z harbiy qismining vaqtinchalik joylashtirish punktiga olib borishga qaror qilgan. U yerda, askarlar hammomida, rus armiyasi zobiti unga yigirma marta pichoq urgan va jinoyat izlarini yashirish uchun jasadini granatalar bilan portlatishni buyurgan. 

Nashr jinoyat issiq izida fosh etilgani, ishni mazmunan ko‘rib chiqish yozda boshlanishi kutilayotganini ta’kidlagan. Qotillikda ayblanayotgan uchinchi ayblanuvchi – Jamidulov jabrlanuvchini oxirigacha o‘ldirishni buyurgan serjant Roman Pleshcheyevning ishi alohida ko‘riladi. 

«Vatanparvar shoir» Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan reklama qilingan 

«Kommersant» materiallariga ko‘ra, 28 yoshli qozog‘istonlik Jamidulov Rossiya Mudofaa vazirligi bilan 2022 yil yanvarida shartnoma imzolagan. Urushdan oldin u rafiqasi va ikki qizi bilan Pskov viloyatida yashagan.

Jamidulov Ukrainaga hujumga tayyorgarlik paytida yozgan vatanparvarlik ruhidagi she’rlari tufayli urushni ma’qullaganlar doirasida shuhrat qozongan. 2022 yil noyabr oyida Rossiya Mudofaa vazirligi o‘zining Telegram-kanalida Jamidulov haqida ikki marta xabar e’lon qildi. Oxirgi postda u she’r o‘qib bergan va kanal obunachilariga «u bilan faxrlanayotgan» rafiqasi va qizlari uyda kutishayotganini aytgan.

Ko‘proq yangiliklar: