Oq uy Kiyevga Rossiyadagi nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat berdi

Jahon 07:21 / 31.05.2024 7203

AQSh prezidenti ma’muriyati Jo Baydenning ko‘rsatmalariga binoan, Ukrainaga Rossiya Federatsiyasi hududiga, ammo Rossiya tomonidan hujumga uchragan shaharni himoya qilish uchun «faqat Xarkiv bilan chegarada» Amerika qurollaridan foydalangan holda zarbalar yo‘llashga norasmiy tarzda ruxsat berdi. Bu haqda 30 may, payshanba kuni Amerikaning Politico nashri va CNN telekanali xabar qildi

Politico suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, yaqinda AQSh prezidenti Jo Bayden o‘z jamoasiga «Xarkivda javob qaytarish uchun» Ukrainaning Amerika qurollaridan foydalanishiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishni va Ukraina Qurolli kuchlariga «zarba bergan yoki bunga tayyorlanayotgan Rossiya qo‘shinlariga javoban hujum qilishiga» ruxsat berishni buyurgan. Shu bilan birga, nashr manbasining ta’kidlashicha, Ukraina Rossiya Federatsiyasidagi fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilish uchun Amerika qurolidan foydalana olmaydi yoki Rossiya hududi ichkarisidagi harbiy nishonlarga zarba bera olmaydi. 

AQSh Kiyevga Rossiya hujumlarini qaytarishda «moslashuvchanlikka» ruxsat berdi 

Rossiya Federatsiyasi may oyida Xarkiv viloyatida hujum harakatlarini kuchaytirganidan keyin Ukraina AQShdan Rossiyadagi harbiy obektlarga zarba berish bo‘yicha cheklovlarni bekor qilishni so‘radi, dedi rasmiy. Bunga javoban Oq uy Kiyevga rus qo‘shinlarining Xarkiv viloyati bilan chegaradagi hujumlarini qaytarishda «moslashuvchanlik» ko‘rsatishga ruxsat berdi, dedi Politico nashriga boshqa manba.

Nashr ta’kidlaganidek, Ukraina endilikda Rossiyadan Xarkiv tomon otilgan raketalarni urib tushirish, Ukraina hududiga bomba tashlayotgan rus qiruvchilarini yo‘q qilish, shuningdek, shimoli-sharqiy chegarada to‘plangan rus qo‘shinlariga zarba berish uchun AQSh tomonidan taqdim etilgan qurollardan foydalanishi mumkin.

WP: AQSh Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga qarshi zenit-raketa tizimlaridan foydalanishga ruxsat beradi

Bir kun oldin The Washington Post (WP) Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga o‘ziga berilgan havo hujumidan mudofaa tizimlaridan, jumladan Patriot zenit-raketa tizimlaridan Ukraina uchun tahdid uyg‘otgan raketalar hamda qiruvchilarni Rossiya hududi uzra urib tushirish uchun foydalanishga ruxsat berayotgani haqida xabar berdi. 

Chexiya va Finlandiya Kiyevga RFdagi nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat berdi 

Ukraina qurolli kuchlari Finlandiyadan olingan qurollar bilan Rossiya hududidagi nishonlarga hujum qilishi mumkin, dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen 29 may kuni Uusi Suomi nashriga bergan intervyusida. Ukraina Rossiya Federatsiyasiga qarshi mudofaa urushi olib bormoqda va shuning uchun Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba berish huquqiga ega, deya tushuntirdi vazir. 30 may kuni Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi. 

Ko‘proq yangiliklar: