Ispaniya parlamentining quyi palatasi – Deputatlar kongressi 30 may, payshanba kuni Kataloniya mustaqilligi tarafdorlari uchun amnistiya to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Tegishli qonun loyihasini 177 deputat qo‘llab-quvvatladi, 172 nafari qarshi chiqdi. 2017 yilda Ispaniyaning ushbu shimoli-sharqiy mintaqasidan ajralib chiqish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin mamlakat sud organlari tomonidan javobgarlikka tortilgan 400 ga yaqin kataloniyalik faol amnistiyaga tushishi taxmin qilinmoqda. Ular orasida Kataloniya jyeneralitetining sobiq prezidenti (hukumat raisi) Karles Puchdemon ham bor, u uzoq yillik surgundan keyin vataniga qaytish niyatida.
Qonun Ispaniya qonun chiqaruvchi organining rasmiy resursida e’lon qilinganidan so‘ng yaqin kunlarda kuchga kiradi, deya xabar beradi dpa.
Ispaniyada - amnistiya qonuniga qarshi namoyishlar
26 may kuni Madrid markazida Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches siyosatiga qarshi navbatdagi norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, muxolifatdagi Alberto Nunes Feyxoo Xalq partiyasi (XP) tomonidan tashkil etilgan namoyishda 20 mingga yaqin odam ishtirok etgan. Ular Sanchesning hukumat rahbari lavozimidan ketishini talab qildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan konservator Feyxoo sotsialist Sanchesni «suiiste’mollik va haddan oshib ketishda» ayblab, uni Kataloniya bo‘lginchilariga nisbatan amnistiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini qaytarib olishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sanches hukumati siyosati tufayli «mamlakat boshi berk ko‘chaga kirib qolgan». Muxolifatchining ta’kidlashicha, Ispaniya - «barcha fuqarolar qonun oldida teng bo‘lgan huquqiy davlat».
Amnistiya to‘g‘risidagi qonun loyihasi - Sanchesning Kataloniya partiyalariga yonbosishi
Ispaniyada bir necha oydirki, Sanchesning kataloniyalik bo‘lginchilarni afv etish rejasiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. 2023 yilda o‘tgan so‘nggi parlament saylovlarida ikkinchi o‘rinni egallagan va Xalq partiyasidan konservatorlarga yetakchilikni boy bergan Sanches boshchiligidagi Ispaniya Sotsialistik ishchilar partiyasi Kataloniyaning ikki partiyasi bilan 2017 yil Kataloniya mustaqilligini e’lon qilishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishda ishtirok etgan siyosatchilarni amnistiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Muvaffaqiyatsiz referendumdan so‘ng Belgiyaga qochgan Puchdemon may oyi o‘rtalarida 12 maydagi saylovlardan so‘ng u yerda ozchilik hukumatini boshqarish uchun Barselonaga qaytishni istayotganini e’lon qilgan edi.
Kataloniyadagi saylovlar: mintaqani uzoq vaqt boshqargan separatistlar mag‘lubiyatga uchradi
12 may kuni bo‘lib o‘tgan Kataloniya muxtoriyati parlamentiga saylovlarda qirollikdagi hukmron Sotsialistik partiyaning mintaqaviy bo‘limi hisoblangan Kataloniya sotsialistik partiyasi g‘alaba qozondi. Oxirgi qirq yil davomida hokimiyatni navbatma-navbat yoki koalitsiyada ushlab turgan «Kataloniya uchun birga» va «Kataloniya so‘l respublikachilari» ayirmachi partiyalar mag‘lubiyatga uchradi.
Kuzatuvchilar bu natijalarni «aholi siyosatdan charchagani» bilan izohladi. Biroq, g‘alaba qozongan, lekin parlamentda mutlaq ko‘pchilikni olmagan sotsialistlar mahalliy hukumatni shakllantirish uchun ittifoqchilar izlashga majbur bo‘ladi, bu avtonomiya doirasida ancha qiyin vazifadir.