Berlin Kiyevga Rossiyadagi nishonlarni nemis qurollari bilan urishga ruxsat berdi

Jahon 14:46 / 31.05.2024 5867

GFR hukumati Ukrainaga Germaniya tomonidan yetkazilgan qurollardan Rossiya hududidagi nishonlarga zarba yo‘llash uchun foydalanishga ruxsat berdi. Bu haqda 31 may, juma kuni hukumat matbuot kotibi Shteffen Xebeshtrayt ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Ukraina «xususan, Xarkiv viloyatida Rossiya chegarasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tutash pozitsiyalardan» hujumlarga uchragan. «Biz aminmizki, Ukraina xalqaro huquq bo‘yicha o‘zini bu hujumlardan himoya qilish huquqiga ega», — dedi u. 

Oq uy Kiyevga Rossiyadagi nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat berdi

AQSh prezidenti ma’muriyati Jo Baydenning ko‘rsatmalariga binoan, Ukrainaga Rossiya Federatsiyasi hududiga, ammo Rossiya tomonidan hujumga uchragan shaharni himoya qilish uchun «faqat Xarkiv bilan chegarada» Amerika qurollaridan foydalangan holda zarbalar yo‘llashga norasmiy tarzda ruxsat berdi. Bu haqda 30 may, payshanba kuni Amerikaning Politico nashri va CNN telekanali xabar qildi. 

Politico suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, yaqinda AQSh prezidenti Jo Bayden o‘z jamoasiga «Xarkivda javob qaytarish uchun» Ukrainaning Amerika qurollaridan foydalanishiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishni va Ukraina Qurolli kuchlariga «zarba bergan yoki bunga tayyorlanayotgan Rossiya qo‘shinlariga javoban hujum qilishiga» ruxsat berishni buyurgan. Shu bilan birga, nashr manbasining ta’kidlashicha, Ukraina Rossiya Federatsiyasidagi fuqarolik infratuzilmasiga hujum qilish uchun Amerika qurolidan foydalana olmaydi yoki Rossiya hududi ichkarisidagi harbiy nishonlarga zarba bera olmaydi. 

Chexiya va Finlandiya Kiyevga RFdagi nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat berdi 

Ukraina qurolli kuchlari Finlandiyadan olingan qurollar bilan Rossiya hududidagi nishonlarga hujum qilishi mumkin, dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri Elina Valtonen 29 may kuni Uusi Suomi nashriga bergan intervyusida. Ukraina Rossiya Federatsiyasiga qarshi mudofaa urushi olib bormoqda va shuning uchun Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba berish huquqiga ega, deya tushuntirdi vazir. 30 may kuni Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi.

Ko‘proq yangiliklar: