Madridda - kataloniyalik ayirmachilarga amnistiyaga qarshi namoyishlar

Jahon 10:16 / 27.05.2024 2028

Madrid markazida Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches siyosatiga qarshi norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. 26 may, yakshanba kuni muxolifatdagi Alberto Nunes Feyxooning Xalq partiyasi (XP) tomonidan uyushtirilgan namoyishda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 20 mingga yaqin kishi qatnashgan. Tashkilotchilar 80 ming ishtirokchi haqida ma’lum qildi.

Muxolifat yetakchisi ayirmachilarni amnistiya qilish rejalaridan voz kechishga chaqirdi

Tadbirda Ispaniyaning sobiq bosh vazirlari, Xalq partiyasidan Mariano Raxoy va Xose Mariya Asnar ishtirokida so‘zga chiqqan konservativ Feyxoo sotsialist Sanchesni «suiiste’mollik va haddan oshib ketishda» ayblab, uni Kataloniya bo‘lginchilariga nisbatan amnistiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini qaytarib olishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Sanches hukumati siyosati tufayli «mamlakat boshi berk ko‘chaga kirib qolgan». Muxolifatchining ta’kidlashicha, Ispaniya - «barcha fuqarolar qonun oldida teng bo‘lgan huquqiy davlat». 

«Ispaniya jinoyatlar huquqiy oqibatlarga olib kelishiga kafolat berishi kerak», dedi Feyxoo. Namoyishchilar Pedro Sanchesning hukumat rahbari lavozimidan ketishini talab qilishdi.

Amnistiya to‘g‘risidagi qonun loyihasi - Sanchesning Kataloniya partiyalariga imtiyozi 

Ispaniya parlamentining quyi palatasi – Deputatlar kongressida kataloniyalik ayirmachilarni amnistiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. U 30 may kuni quyi palata tomonidan tasdiqlanishi kutilmoqda. O‘ng qanot partiyalar bu qonunga qarshi. Quyi palata uni mart oyida allaqachon ma’qullagan, ammo hujjat Senat tomonidan qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarilgan, bu yerda o‘ng partiyalar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Agar u qabul qilinsa, qariyb 400 kishi amnistiyaga tushishi mumkin, jumladan, chet elda yashirinib yurgan kataloniyalik separatistlar yetakchisi Karles Puchdemon ham. 

Ispaniyada bir necha oydirki, Sanchesning kataloniyalik bo‘lginchilarni afv etish rejasiga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. 2023 yilda o‘tgan so‘nggi parlament saylovlarida ikkinchi o‘rinni egallagan va Xalq partiyasidan konservatorlarga yetakchilikni boy bergan Sanches boshchiligidagi Ispaniya Sotsialistik ishchilar partiyasi Kataloniyaning ikki partiyasi bilan 2017 yil Kataloniya mustaqilligini e’lon qilishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishda ishtirok etgan siyosatchilarni amnistiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Muvaffaqiyatsiz referendumdan so‘ng Belgiyaga qochgan Puchdemon may oyi o‘rtalarida 12 maydagi saylovlardan so‘ng u yerda ozchilik hukumatini boshqarish uchun Barselonaga qaytishni istayotganini e’lon qilgan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: