1 iyuldan boshlab Yevropa Ittifoqida sotiladigan barcha yangi avtomobillar, yengil yuk mashinalari va furgonlarda «qora qutilar» bo‘lishi shart. Bu «avariya» sodir bo‘lgan taqdirda mutaxassislar uning sabablarini aniqlashi uchun joriy qilinmoqda.
«Qora quti» to‘qnashuvdan oldin va keyin qayd etiladigan ma’lumotlarni saqlaydi: xususan, transport vositasining tezligi, dvigatelning ishlash parametrlari, gaz yoki tormoz pedalini bosgan kuch, burchak, rul chambaragining aylanishi, xavfsizlik tizimlarining faoliyati va havo yostig‘ining ochilish vaqti kabi.
EDR (event data recorder) deb nomlangan uskuna ovozni yozib olmaydi. Shuningdek, qurilma hech qanday masofaviy tizimga ulanmaydi – undagi ma’lumotlarni faqat «qora quti» avtomobildan olingandan keyingina o‘qish mumkin.
Qayd qilinishicha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘z oldiga yangi maqsad qo‘ygan: 2050 yilga borib, halokatli yo‘l-transport hodisalari sonini nolga tenglashtirish. Shu maqsadda 2023 yil mart oyida Yevropa Komissiyasi yosh haydovchilarni chuqurroq o‘qitish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonini mukammallashtirish va jarimalarning umumiy tizimini joriy etishni taklif qilgan. EDR joriy qilinishi ham shu maqsadga erishish yo‘lidagi qadamlardan biri hisoblanadi.