ICQ messenjeri 26 iyun kuni ishlashni to‘xtatadi, deb xabar berdi VK. Kompaniya asosiy e’tiborini «VK Messenjer» va VK WorkSpace dasturlarini rivojlantirishga qaratishini ma’lum qildi. ICQ xodimlari ushbu mahsulot guruhlariga qo‘shilishadi. ICQ ilovasi allaqachon AppStore va Google Play do‘konlarida yo‘qolib qolgan.
2024 yilning birinchi choragida Rossiyada «VK Messenjer» xabarlarini o‘quvchilar va jo‘natuvchilarning o‘rtacha oylik auditoriyasi 72,9 million foydalanuvchini tashkil qildi, deya ta’kidladi kompaniya. VK’ning ushbu davrdagi daromadi 2023 yil birinchi choragiga nisbatan 24 foizga oshdi - 33,8 milliard rublgacha. O‘sishning asosiy manbasi onlayn reklamadan tushgan daromad bo‘lib, kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, u o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foizga o‘sib, 19,8 milliard rublni tashkil etdi.
2022 yil mart oyida «Vedomosti» manbalari VK Group ICQ va MyTeams’ni qayta ishga tushirishga tayyorlanayotgani haqida xabar berishdi. Gazetaning VK’ga yaqin suhbatdoshlaridan birining aytishicha, ICQ’ni qayta ishga tushirish loyihasi 2022 yil boshida VK Group top-menejmenti darajasida muhokama qilingan, maslahatlashuvlar 16-17 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan. Sanksiyalar fonida loyiha mamlakat rasmiylari bilan muhokama qilina boshladi, deya ta’kidladi federal amaldor gazeta bilan suhbatda. Uning so‘zlariga ko‘ra, mart oyi boshida nafaqat ICQ’ni qayta ishga tushirish, balki VK Group shaxsiy korporativ messenjerini ishga tushirish ham ko‘rib chiqilgan.
VK Group rejalari bilan tanish bo‘lgan boshqa bir federal amaldor «VK yangi messenjerini ishga tushirishni tezlashtirishni rejalashtirmoqda, lekin u ICQ emas», dedi.
ICQ dasturi 1996 yilda isroillik talabalar tomonidan chiqarildi va u tezda mashhur bo‘ldi. 1998 yilda u Amerikaning AOL korporatsiyasi tomonidan 287 million dollarga sotib olindi, ICQ asoschilari keyinroq bonus sifatida yana 120 million dollar olishdi. Ammo ICQ veb-peyjyeri asta-sekin Microsoft kompaniyasining MSN Messenger va shunga o‘xshash boshqa dasturlarga bozordagi yetakchiligini yo‘qotdi.
2010 yilda Yuriy Milner va Grigoriy Finger tomonidan asos solingan DST fondi ICQ’ni 187,5 million dollarga sotib oldi, 2010 yil sentabr oyida DST qayta tashkil etilgandan so‘ng, ICQ Mail.ru Group (hozirgi VK) tarkibiga kirdi. 2020 yilda guruh messenjer asosidagi ICQ New dasturini chiqarishga qaror qildi.