Vengriya mamlakatning NATOga a’zolik maqomini qayta ko‘rib chiqish ustida ishlamoqda, dedi Vengriya bosh vaziri Viktor Orban. Uning Bloomberg agentligi tomonidan keltirilgan so‘zlariga ko‘ra, mamlakat «NATOdagi a’zoligini shunday saqlab qolishga intiladiki, u alyansning o‘z hududidan tashqaridagi harakatlarida «ishtirok etishi shart bo‘lmaydi».
Orban aytishicha, Vengriya NATOning alyans a’zolarini hujum sodir bo‘lgan taqdirda himoya qilish missiyasiga sodiqdir. Shu bilan birga, u Vengriya NATOga a’zo bo‘lmagan chegaradosh davlatni moliyalashtirish va qurol-yarog‘ bilan ta’minlash oxir-oqibatda harbiylarning ko‘proq ishtirok etishiga, ehtimol hatto qo‘shin yuborishiga olib kelishidan xavotirda ekanligini ta’kidladi, deya xabar beradi agentlik.
Vengriya NATO a’zosi sifatida munozaralarda ishtirok etmoqda, ammo amalda «ishtirok etmaydigan a’zo»ga pul va qurol-yarog‘ yuborishga qarshi, dedi Orban. Vengriyaning bundan rasmiy voz kechishi NATOga a’zolikning yangi konsepsiyasiga teng bo‘ladi, deydi u. «Bu qancha davom etishini bilmayman», deb qo‘shimcha qildi u.
Orbanning bayonoti NATO a’zolari yangi chora-tadbirlar to‘plamini ishlab chiqayotgan paytda yangradi, u alyans yetakchilarining iyul oyida Vashingtondagi sammitida taqdim etilishi kerak, deb yozadi Bloomberg. Ushbu chora-tadbirlar NATOning operativ darajada qurol-yarog‘ yetkazib berishdagi rolini oshirishni o‘z ichiga olishi kutilmoqda.
Reuters agentligi aprel oyi boshida yozganidek, NATO tashqi ishlar vazirlari uzoq muddatli asosda harbiy yordam yetkazib berish, jumladan, 100 milliard yevro miqdorida besh yillik jamg‘arma yaratish taklifini muhokama qilish uchun uchrashgan. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg besh yil davomida yordam berish uchun 100 milliard yevrolik ittifoq fondini yaratishni taklif qilgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari o‘rinbosari Sergey Ryabkov 17 may kuni NATO Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri qurolli mojaro yoqasida muvozanatli holatda turganini aytdi. «Umuman olganda, Shimoliy Atlantika alyansi biz bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri qurolli to‘qnashuv yoqasida muvozanatni saqlashga tom ma’noda tayyor bo‘lgan avantyuristik siyosat yuritib, tegishli mamlakatlarning asosiy xavfsizlik manfaatlarini butunlay inkor etadi», - dedi u.