Venesuela barcha muzliklari erib ketgan tarixdagi birinchi davlatga aylandi

Jahon 16:13 / 25.05.2024 9784

Xalqaro Kriosfera Iqlim Tashabbusi ((ICCI) ilmiy targ‘ibot tashkiloti X ijtimoiy tarmog‘ida Venesuelada qolgan yagona Humbolt yoki Karona muzligi muzlik deb atash uchun juda kichik bo‘lib qolganini e’lon qildi.

Venesuela o‘tgan asrda 6 ta muzligini yo‘qotgandi. So‘nggi Karona muzligi 450 gektardan atigi 2 gektar maydonga qisqargan, natijada muzlik “muz maydoni” sifatida qayta tasniflandi.

Muzlik darajasiga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan minimal o‘lcham bo‘yicha global standart mavjud bo‘lmasa-da, AQSh Geologik xizmati umumiy qabul qilingan ko‘rsatmaga ko‘ra, muzlik taxminan 10 gektarni tashkil etishi kerak.

London Universitet kollejining yer tizimi fanlari professori Mark Maslinning aytishicha, Humbolt kabi muz maydoni - taxminan ikkita futbol maydonchasi maydoniga teng – va u ortiq "muzlik emas". “Muzliklar bo‘lishi uchun ular vodiylarni qoplab turishi kerak. Shuning uchun Venesuelada ortiq muzlik yo‘q deb aytish mumkin”, deydi olim.

Professor Maslinning aytishicha, bir muzlikning erib ketishi quyoshning yerni yanada qattiqroq qizitishiga sabab bo‘ladi, natijada yozda muz hosil bo‘lish ehtimoli pasayadi.

Muzliklaridan ajralishi kutilayotgan keyingi davlatlar Indoneziya, Meksika va Sloveniya bo‘lishi mumkin.

Bu davlatlar nisbatan ekvatorga yaqin va ularda joylashgan tog‘larning balandligi ham nisbatan pastroq. Shuning uchun ularda muzliklar erishi ehtimoli yuqori. Garchi Venesuelaniki kabi kichik muzliklar dengih sathi oshishida uncha katta rol o‘ynamasa ham, ular, ayniqsa, issiq mavsumda o‘zlari joylashgan hududdagi aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Oxirgi o‘rganishlar 2100 yilgacha dunyoda mavjud muzliklarning 20 foizdan 80 foizgacha qismi yo‘qolib ketishini prognoz qilmoqda. Atmosferaga chiqadigan zararli tashlamalarni kamaytirish global muz depozitlarini saqlab qolishga yordam berishi mumkin. Ular tiriklik, energiya, suv va oziq-ovqat xavfsizligi uchun zarur.

Ko‘proq yangiliklar: