Tashqi mehnat migratsiyasi xabariga ko‘ra, agentlikning Rossiya Federatsiyasidagi vakillari Tuladagi “Mario rioli”, “Dogrular”, Voronejdagi “Spesialnaya dvernaya kompaniya”, Amurdagi “PSP” hamda Nijniy Novgoroddagi korxonalarda bo‘lib, yurtdoshlar va ularning ish beruvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Unda xorijiy ishchi kuchiga ehtiyoji mavjud korxonalarga tashkiliy tarzda O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Fuqarolarga Rossiya hududida qonuniy bo‘lib turish va ishlash, bir martalik moddiy yordam olish tartibi, pasportni yo‘qotgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda vatanga qaytish sertifikatini rasmiylashtirish masalalarida huquqiy maslahat, so‘rovnoma to‘ldirishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, ishsiz yurgan fuqarolarni ishga joylashishida ko‘maklashildi. Sankt-Peterburgdagi shimoli-g‘arbiy davlat tibbiyot universitetida ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ham uchrashuv tashkil etildi.