Air Samarkand'ning Viyetnamga parvoz qilgan samolyoti Pokistondan ortga qaytdi

O‘zbekiston 12:39 / 25.05.2024 19739
Air Samarkand aviakompaniyasining Airbus A-330-302 samolyoti / Foto: Kun.uz

Flightradar resursidan ko‘rinishicha, 24 may kuni Air Samarkand aviakompaniyasining 9S1021 reys bilan parvoz qilgan, UK33001 raqamli Airbus A-330-302 samolyoti Pokistonning Hindiston bilan chegara yaqinida joylashgan Lohur shahrigacha borib, ekipaj kutish zonasida osmonda bir necha bor aylanib, so‘ngra Toshkent xalqaro aeroportiga qaytishga majbur bo‘lgan. 

Bu reys bilan uchgan yo‘lovchilardan birining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, aviakompaniya Hindiston tomoni bilan bu davlat osmonini kesib o‘tish bo‘yicha kelisha olishmagan.

Kun.uz holat yuzasidan Air Samarkand'ning yerda xizmat ko‘rsatish boshqarma boshlig‘i Alisher Suyunov bilan bog‘landi. Uning aytishicha, aviatsiyada bunday holatlar bo‘lib turishi tabiiy.

Biror davlatga borilsa, har bir havo hududidan ruxsatnoma olish kerak bo‘ladi. Shu ruxsatnoma olinmasa, [ustidan uchib o‘tilishi kerak bo‘lgan] davlat noqonuniy kirib kelgan immigrant sifatida ko‘radi. Bilishimcha, bu vaziyatda biroz tushunmovchilik bo‘lgan. Chunki ruxsatnoma olishda har bir davlatning o‘ziga yarasha talablari bor. Hindiston bilan bu borada biroz tushunmovchilik yuzaga kelgan, bilishimcha”,– dedi u.

Qo‘shimcha qilinishicha, ayni vaqtda bu muammo hal qilingan. Yo‘lovchilarning hammasi mehmonxonaga joylashtirilgan. Kechki soat 18:00da ularning samolyoti Viyetnam tomon uchishi kutilmoqda.

Hech qanday shikoyat yo‘q, passajirlarning bir kunlik mehmonxona xizmati, ovqati to‘lab berildi”,– deydi aviakompaniyaning vakili.

Ma’lumot uchun, Air Samarkand aviakompaniyasi 2022 yilda Samarqand xalqaro aeroporti bazasida tashkil etilgan va o‘sha yilning 12 dekabrida ommaga ilk bor e’lon qilingan. Ekspluatatsiya sertifikati aviakompaniya 2023 yilning dekabrida qo‘lga kiritgan va o‘tgan yilning 29 dekabrida Samarqanddan Istanbulga ilk tijoriy qatnovini amalga oshirgan.

Aviakompaniyada ayni vaqtda 2 ta Airbus A-321 va bitta Airbus A330-300 samolyoti mavjud. Pokistondan qaytishga majbur bo‘lgan, 36 ta biznes va 277 ta ekonom klassdagi o‘rindiqlarga ega va UK33001 qayd etish belgili Airbus A330-300 samolyotining yoshi 13,6 ga teng. Samolyot avval China airlines aviakompaniyasi parvozlarida qatnagan.

Ko‘proq yangiliklar: