Turkiyada ushlangan shaxs O‘zbekistonga deportatsiya qilindi

O‘zbekiston 10:11 / 24.05.2024 10021

O‘zbekistonda sodir etgan jinoyatlari uchun qidiruvda bo‘lgan shaxs Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Bu haqda mamlakatning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar berdi.

Turkiya va O‘zbekiston IIV hamkorligida 6 may kuni Istanbul shahrida navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda firibgarlik va odam savdosi jinoyatlarini sodir etganlikda ayblanib qidiruvda bo‘lgan Ozod Rahimov (1979 yilda tug‘ilgan) qo‘lga olingan.

U Samarqand viloyatida fuqarolarning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirishda, shuningdek, Istanbul shahrida bo‘lgan davrida 2022−2023 yillar mobaynida bir qancha O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarini Turkiya-Ispaniya-Nikaragua-Meksika yo‘nalishi bo‘ylab AQShga yuborishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan ularning har biridan 10−15 ming AQSh dollari olib, va’dasini bajarmasdan, o‘zining shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborganlikda ayblanmoqda.

23 may kuni u Bosh konsulxona xodimlari ishtirokida O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan Bosh konsulxonaga yoki IIVga murojaat qilish so‘ralgan. 

Ko‘proq yangiliklar: