Salkam 80 mln rublni Qirg‘izistonga noqonuniy o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxs 5 yilga qamaldi

O‘zbekiston 10:02 / 24.05.2024 4875

2023 yilning dekabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Ola-buqa tumani bilan chegaradosh bo‘lgan Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi “o‘zbek-qirg‘iz” davlat chegarasi tomon harakatlangan Namangan shahrida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganida, uning salonida 3 dona polietilen qoplarga joylashtirilgan jami 79 mln 994 ming 900 Rossiya rubli borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan edi.

Mazkur shaxs ushbu valuta qimmatliklarini chegaradan o‘tkazib berishi evaziga ma’lum miqdorda xizmat haqi olishi kerak bo‘lgan va bunday noqonuniy harakatni muqaddam 4 marotaba amalga oshirgan.

Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan esa ushbu shaxs Jinoyat kodeksining 25,28,182-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tezkor tadbir davomida undan ashyoviy dalil sifatida olingan 79 mln 994 ming 900 Rossiya rubli sud hukmiga muvofiq davlat egaligiga o‘tkazildi.

Ko‘proq yangiliklar: