Rossiyada Mudofaa vazirligining yana bir yuqori martabali xodimi hibsga olindi

Jahon 07:21 / 24.05.2024 6031

Sud Rossiya Mudofaa vazirligining davlat mudofaa buyurtmalarini ta’minlash bo‘limi boshlig‘i Vladimir Verteletskiyni hibsga oldi. Bu haqda 23 may, payshanba kuni Rossiya Tergov qo‘mitasining rasmiy vakili Svetlana Petrenko avvalroq OAVda paydo bo‘lgan ma’lumotni tasdiqlagan holda ma’lum qildi. «Tergovning iltimosiga binoan sud Verteletskiyga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanladi», dedi Petrenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Verteletskiy davlat mudofaa buyurtmasini bajarishda mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda ayblangan. «2022 yilda Verteletskiy davlat shartnomasi bo‘yicha qurilish ishlarining bir qismi sifatida tugallanmagan ishlarni qabul qilgan, ayblanuvchining noqonuniy xatti-harakatlari natijasida davlatga 70 million rubldan ortiq zarar yetkazilgan», - deya qo‘shimcha qildi tergov vakili. 

Tergov qo‘mitasining Verteletskiy hibsga olingani haqidagi rasmiy bayonoti e’lon qilinishidan oldin bir qator ommaviy axborot vositalari, jumladan, «Interfaks» agentligi va ReN TV telekanali Mudofaa vazirligi departamenti boshlig‘i tadbirkordan uy va avtomashina shaklida pora olgani uchun hibsga olinganini da’vo qilishdi. RBK ma’lumotlariga ko‘ra, Verteletskiy 21 may kuni ushlangan.

Rossiyada amaldorlarni pora uchun hibsga olish to‘lqini 

So‘nggi paytlarda yirik miqdorda pora olganlikda gumon qilingan rossiyalik amaldorlarga qarshi bir necha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Aprel oyi oxirida Rossiya mudofaa vazirining o‘rinbosari Timur Ivanov ushbu modda bo‘yicha, 14 mayda Mudofaa vazirligi kadrlar bo‘limi boshlig‘i Yuriy Kuznetsov, 23 mayda Bosh shtab boshlig‘ining o‘rinbosari general Vadim Shamarin, shuningdek, Federal jazoni ijro etish xizmati (FSIN) Moskva viloyati bo‘yicha Bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Vladimir Talayev hibsga olingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: