Mahalliy kengashlar har yarim yilda matbuot anjumani o‘tkazishi kerak - prezident

O‘zbekiston 12:28 976

Prezident Shavkat Mirziyoyev Senat yangi chaqirig‘ining ilk yalpi majlisida so‘zga chiqib, yuqori palata oldida turgan dolzarb vazifalarni sanab o‘tdi.

Yangilangan Konstitutsiyada Senat va Qonunchilik palatasi vakolatlaridagi takroriy holatlar bartaraf etilib, ularning har biriga tegishli vazifalar aniq ko‘rsatildi. Endilikda Senat qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy etishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Ayniqsa, qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy kengashlarni keng jalb etish, har bir qonun bo‘yicha ularning fikrini olish amaliyotini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega.

Hududlarning o‘ziga xos xususiyat va imkoniyatlari hisobga olinmagan qonunlar quyi bo‘g‘inda samarali ishlamasligi bois, davlat rahbari qonunlarni parlament qo‘mitalarida ko‘rib chiqishda vazirlik va idoralar vakillari bilan emas, balki mahalliy kengashlar deputatlari bilan ko‘proq ish olib borilsa, adolatdan bo‘lishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Konstitutsiyada Senat hududiy vakillik palatasi ekani belgilab qo‘yilgan. Shunga ko‘ra, mahalliy kengashlar faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashish Senatning ustuvor vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Endi xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga hokimlar emas, balki deputatlar orasidan saylangan kengash raislari boshchilik qiladi. Prezident bu siyosiy islohot orqali O‘zbekiston xalqining 30 yillik orzusi ro‘yobga chiqqanini aytdi.

Bu yil hokimlarning 33 ta vakolati kengashlarga olib berildi, yana 17 ta vakolatni o‘tkazish reja qilingan. Misol uchun, ichimlik suvi tarifiga ustama, davlat obektlari va bozorlarda ijara to‘lovlari kabi jami 7 turdagi mahalliy yig‘imlar miqdorini tasdiqlash vakolati ham mahalliy kengashlarga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, kengash so‘rovi va kengash tekshiruvi kabi yangi mexanizmlar orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Mahalliy kengashlar tomonidan har yarim yilda qilingan ishlar bo‘yicha matbuot anjumanlari o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsa, bu ularning faoliyatida oshkoralik va hisobdorlikni kuchaytirishi ko‘rsatib o‘tildi.

Hokim ham, kengash raisi ham, avvalo, o‘z hududida yashayotgan aholi manfaatlarini yetakchi o‘ringa qo‘yib, bir jamoa bo‘lib ishlashi lozimligi qayd etildi.

Ayni paytda Konstitutsiyada belgilanganidek, tuman, shahar va viloyatlar miqyosida qonun hujjatlarini so‘zsiz ijro etish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirish uchun hokimlar mas’ul va javobgar.

Senat esa mahalliy hokimlik va kengashlar hamjihat faoliyat yuritishi, o‘zaro munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etishi uchun ularga yaqindan yordam berishi zarurligi aytildi.

Prezident yuqori palatani tuman va shahar kengashlariga ham hokimlar raislik qilmasligi bo‘yicha islohotga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi.

Ko‘proq yangiliklar: