«Qozog‘iston yadroviy sinovlardan ko‘p jabr ko‘rgan» - To‘qayev

Jahon 22:48 / 24.05.2024 6764

Singapurga davlat tashrifi bilan borgan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 1980-yillardan buyon Yusuf Ishoq instituti tomonidan tashkillashtirib kelinayotgan «Singapur ma’ruzalari»da chiqish qilgan. To‘qayev global xavfsizlikni ta’minlashda «o‘rtacha qudratli» davlatlarning roliga munosabatini bildirib, dunyo davlatlarini yadroviy arsenallardan voz kechishni davom ettirishga chaqirgan.

To‘qayevning qayd etishicha, Singapur uning tarjimai holida alohida iz qoldirgan.

«Men bu yerda bir necha o‘n yillar avval yosh diplomat bo‘lib ishlaganman va yana qaytib kelganimdan juda xursandman. <…> Uzoqni ko‘ra biladigan asoschi ota Li Kuang Yu tomonidan boshlab berilgan Singapurdagi yetuk iqtisodiy o‘zgarishlar muvaffaqiyatli davlat qurilishi va iqtisodiy o‘sishning yaqqol misoli bo‘la oldi. Sizning davlatingiz Qozog‘istonni taraqqiyot va farovonlik sari o‘z yo‘lini tanlashda ilhomlantirib keladi», — degan To‘qayev.

Qozog‘iston prezidenti, shuningdek, xalqaro hamjamiyatini barcha fikrlarni inobatga olish inklyuzivlik prinsiplariga asoslangan xalqaro boshqaruvga yondashuv haqida o‘ylab ko‘rishga chorlagan. To‘qayev bu prinsipning kritik xatarlar, jumladan yadroviy xatarlarni yengib o‘tishda muhim ekanligini qayd etib, Qozog‘istonning negativ tajribasiga ishora qilgan.

«Hech kimga sir emaski, shlobal boshqaruv tizimida yirik nuqsonlar ko‘zga tashlanmoqda. COVID-19 mamlakatlar umumiy muammolarni hal etish uchun «devorlar emas, ko‘priklar qurishi» muhim ekanini amalda isbotladi. Hozir eng vayronkor muammolardan biri — yadroviy tahdid bo‘lib turibdi. Qozog‘iston yadroviy sinovlardan jiddiy jabr ko‘rgan, shu sababli biz yadroviy arsenallardan xoli dunyo uchun kurashimizni davom ettiramiz», — degan Qozog‘iston yetakchisi.

To‘qayev Boku va Yerevan o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni, Eronning yadroviy dasturidagi ishtirok va Suriyadagi urush bo‘yicha Ostona jarayonini xalqaro hamkorlikning muvaffaqiyatli misollari sifatida yodga olgan.

Qozog‘iston prezidenti Markaziy Osiyo mintaqasining iqtisodiy istiqboli bo‘yicha ham optimistik fikr bildirgan.

«Barcha yetakchi qudratli davlatlar bilan tinch aloqalarni saqlayotgan Markaziy Osiyo davlatlari ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lib turibdi. Yosh va g‘ayratli aholi, o‘sib borayotgan o‘rta sinf, boy tabiiy va qishloq xo‘jaligi resurslari, tranzit salohiyati o‘sish uchun mustahkam asos yaratmoqda. Mintaqa iqtisodiyoti dinamik tarzda o‘sib borar ekan, u strategik ahamiyatga ega bo‘lib boraveradi», — deya so‘zlarini yakunlagan To‘qayev.

Ko‘proq yangiliklar: