G‘azoda muzokaralarning yangi bosqichi, Srebrenitsa genotsidi kuni va hibsga olinayotgan harbiylar

Jahon 14:09 / 24.05.2024 8271

G‘azodagi vaziyatga doir

Isroil va HAMAS muzokaralarning yangi bosqichini boshlashga urinmoqda

Avvalroq AQSh, Qatar va Misr vositachiligida olib borilgan muzokaralarning so‘nggi bosqichi hech qanday natija bermay yakunlangan edi.

Endi Isroil va HAMAS muzokaralarni boshi berk ko‘chadan chiqarish yo‘lini izlamoqda. 23 may kuni Isroil hukumati o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga rozi bo‘ldi. Bosh vazir Binyamin Netanyahuning idorasi muzokarachilarga yangi ko‘rsatmalar bergan. Yangi rejaning tafsilotlari ommaga oshkor etilmagan, biroq telekanal qayd etishicha, Isroil bir qator masalalar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini keskinlashtirgan.

18 may kuni yahudiy davlati razvedka xizmatlari rahbarlari bosh vazir Binyamin Netanyahuga HAMAS bilan bilvosita muzokaralarni qayta boshlash taklifi bilan murojaat qilgan, biroq bosh vazir bu iltimosni rad etgan.

Razvedka xizmatlari vakillari Isroil yon berishi kerakligini ta’kidlagan. Bosh vazir o‘z jamoasi allaqachon qo‘lidan kelganini qilgani, ammo HAMAS hammasini rad etganini aytgani ta’kidlanmoqda. Netanyahu esa «urushni tugatadigan hech qanday taklifga rozi bo‘lmasligini» aytgan.

Bu HAMAS va Isroil pozitsiyalaridagi asosiy ziddiyatdir. Falastin radikallari janglarni butunlay to‘xtatmoqchi. Biroq isroilliklar bunga qarshi.

Bosh vazir Netanyahuning ta’kidlashicha, sulh tugaganidan keyin Isroil mudofaa kuchlari HAMAS «butunlay yo‘q qilinmaguncha» G‘azodagi kampaniyani davom ettiradi.

Garovga olinganlar oilalarining murojaati Netanyahuni muzokaralarni qayta boshlashga ishontirishga yordam bergan. Hukumat yig‘ilishidan oldin ular Kiryat Shmonada miting uyushtirishdi. Bundan tashqari, muzokaralarni qayta boshlashni Mudofaa vazirligi rahbari Yoav Galant va harbiy vazirlar mahkamasi a’zosi Benni Gans talab qilgan.

Biroq, Isroil o‘z delegatsiyasini muzokaralarga yuborishga rozi bo‘lsa-da, hozircha vositachilar - Qatar va Misrdan ijobiy signallar bo‘lmagan.

Muzokaralar bo‘yicha munozaralar bo‘lib yotgan ekan, Isroil okkupatsion armiyasi G‘azoda odamlarni o‘ldirishda davom etmoqda. Birgina o‘tgan sutka davomida Isroil G‘azoda 9 ta ommaviy qirg‘in uyushtirgan. 91 kishi qurbon bo‘lgan va 210 kishi yaralangan.

7 oktyabrdan buyon G‘azoda o‘ldirilganlar soni 35 ming 800 kishiga yetgan. Yarador bo‘lganlar soni 80 ming 200 dan oshgan. 

Ukrainaga yordam

AQSh Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini tayyorlamoqda.

Juma kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainaga 275 mln dollarlik qo‘shimcha harbiy yordamni e’lon qiladi, deb yozmoqda Associated Press.

Nashrga ko‘ra, ushbu yordam Rossiya qo‘shinlarining Xarkiv oblastidagi yurishini tiyib turish uchun zarur.

Amerika mulozimlarining jurnalistlarga ma’lum qilishlaricha, harbiy yordam paketidan HIMARS artilleriya raketa tizimlari, shuningdek 105 va 155 mm.li artilleriya snaryadlari o‘rin oladi.

Ruminiya o‘z ittifoqchilaridan evaziga nimadir olsa, Ukrainaga o‘zida mavjud Amerikaning Patriot havo hujumidan mudofaa tizimini topshirishi mumkinligini ma’lum qildi.

Bu holda mamlakat prezidenti Klaus Yohannis Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlarini topshirish masalasini ochiq muhokama qilishni istamasligini ta’kidlagan. Prezident bu masala harbiy mutaxassislari va Milliy mudofaa oliy kengashi tomonidan hal qilinishini istayotganini aytgan.

Rossiyada harbiylar hibsga olinmoqda

Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov hibsga olingach va sobiq mudofaa vazir Sergey Shoygu boshqa ishga o‘tkazilgach, Mudofaa vazirligi tizimida tozalash ishlari boshlab yuborildi.

Rossiyada yana bir yuqori martabali harbiy zobit korrupsiya ishi bo‘yicha qo‘lga olindi. Rossiya Tergov qo‘mitasi Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari aloqa bosh boshqarmasi boshlig‘i, Bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari, general-leytenant Vadim Shamarinni qo‘lga olgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Shamarin ehtimoliy firibgarlik yuzasidan jinoyat ishi bo‘yicha qo‘lga olingan. Generalning uyi tintuv qilinib, so‘ngra u Tergov qo‘mitasining Harbiy tergov bosh boshqarmasiga so‘roq qilish uchun olib ketilgan.

General ikki oyga hibsga olingani aytildi. Shamarin juda katta miqdorda pora olganlikda ayblangan. Unga 15 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Mudofaa vazirligining davlat mudofaa xaridlari departamenti rahbari Vladimir Verteletskiy ham mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblanmoqda. U tergov izolyatoriga joylashtirildi.

Verteletskiy tadbirkorlardan biridan uy va avtomashina shaklida pora olgani uchun hibsga olingani da’vo qilinmoqda.

Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligining kadrlar bo‘limi boshlig‘i Yuriy Kuznetsov ushlangan va u ham pora olganlikda ayblanayotgan edi. Bundan tashqari, Rossiya Mudofaa vazirligini tanqid qilgan 58-armiyaning sobiq qo‘mondoni Ivan Popov hibsga olingan edi.

Darvoqe, kecha tunda Rossiyaning 20-armiyasi qo‘mondoni general-leytenant Suhrob Ahmedov vazifasidan ozod qilingani xabar qilindi.

Z-telegram kanallar xabarlariga ko‘ra, Ahmedov majburiy ta’tilga chiqarilgan va armiya qo‘mondonligidan vaqtincha chetlatilgan. Uni qanday taqdir kutayotgani hozircha ma’lum emas. 

Futbol klubining 18 yoshli prezidenti

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning 18 yoshli to‘ng‘ich o‘g‘li Ahmat Qodirov Grozniyning «Axmat» futbol klubi prezidenti etib saylandi. Bu haqda klubning Telegram kanalida e’lon qilingan.

«Ishonchimiz komilki, Ahmat Ramzanovich qo‘l ostida jamoamizni yangi muvaffaqiyatlar, g‘alabalar va yaxshi natijalar kutmoqda», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Ramzan Qodirovning xuddi shu to‘ng‘ich o‘g‘li Checheniston Respublikasining jismoniy tarbiya, sport va turizm vaziri lavozimiga tayinlangan edi.

2024 yilning fevral oyida maktab o‘quvchisi bo‘lgan Ahmat Qodirov yoshlar ishlari bo‘yicha vazir lavozimiga tayinlangan edi. Ungacha, 2023 yilning noyabrida uning tug‘ilgan kunida Checheniston sport va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimi sovg‘a qilingan edi. 

Srebrenitsa genotsidi kuni

BMT Srebrenitsadagi 1995 yilgi qirg‘inni genotsid deb tan oldi. Serbiyaning qarshi bo‘lishiga qaramay, BMT Srebrenitsa genotsidi haqida Xalqaro fikrlash va xotirlash kunini joriy qildi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 1995 yilda Bosniyaning Srebrenitsa shahridagi voqealarni genotsid deb tan olgan rezolyutsiyani ma’qulladi.

Rezolyutsiyani 84 davlat qo‘llab-quvvatladi, 68 davlat betaraf qoldi va 19 davlat qarshi chiqdi. Ular orasida Rossiya va Xitoy bor. O‘zbekiston ovoz berish jarayonlarida ishtirok etmadi.

1995 yildagi Srebrenitsa genotsidi haqida Xalqaro fikrlash va xotirlash kunini belgilash to‘g‘risidagi rezolyutsiya Bosniya va Hersegovina, Germaniya va boshqa bir qancha davlatlar tomonidan taklif qilingan edi. Serbiya bunga keskin qarshi chiqdi. Serblar Srebrenitsa voqealarini qirg‘in deb tan oladi, ammo genotsid emas.

Mazkur rezolyutsiya bo‘yicha ovoz berish jarayoni avvallari «batafsilroq ko‘rib chiqish va takliflar kiritish uchun», degan iboralar bilan bir necha bor qoldirilgan edi.

Bosniya tomonining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 1995 yil iyul oyida Srebrenitsani BMT tinchlikparvar kuchlari tark etgandan so‘ng, bir necha kun ichida 8 mingdan ortiq musulmon o‘ldirilgan. Bu jinoyatlarda Bosniya serblari ayblangan. Keyinchalik Haagadagi Xalqaro sud Srebrenitsadagi voqealarni genotsid sifatida baholagan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: