«Davlatimiz ertangi taqdiri sizlarning qo‘lingizda» - prezident maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi

O‘zbekiston 20:20 / 24.05.2024 4444

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilariga murojaat qilib, maktab ta’limini tugatayotgani bilan tabrikladi. 

«Bugun o‘z bilim va iste’dodi, kuch-g‘ayratini Yangi O‘zbekiston bunyodkori, jonajon yurtimizga munosib farzand bo‘lishdek ezgu maqsadga baxsh etishga bel bog‘lagan sizlar kabi navqiron yoshlarni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tugatayotganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman», deyiladi tabrik so‘zida.

Davlat rahbari yoshlarga yangi hayot ostonasida turishganini, bu yo‘lda tinimsiz izlanib, yangi marralar sari talpinish, dadillik va qat’iy ishonch hissi doimo hamroh bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. 

«Hamisha yodingizda tuting, har biringiz o‘ziga xos iste’dod sohibisiz, ularni ro‘yobga chiqarish esa avvalo o‘zingizga, tinimsiz intilish va izlanishlaringizga bog‘liq», dedi Mirziyoyev. 

Prezident o‘qishni oltin va kumush medal bilan tamomlayotgan o‘g‘il-qizlarni tilga olib, «bunday serg‘ayrat va bilimdon farzandlarni millionlab o‘g‘il-qizlarga o‘rnak qilib ko‘rsatsak arziydi», dedi. 

Mirziyoyevning qayd qilishicha, Vatan kelajagi, uning taqdiri va taraqqiyoti bugun shinam sinfxona va auditoriyalarda qunt bilan ta’lim olayotgan yoshlarning qo‘lida. Ular ertaga O‘zbekistonni yanada kuchli, rivojlangan va baxtli davlatga aylantirish uchun bor bilimi, iqtidori va kuch-g‘ayratini safarbar qilsa, «ko‘zlagan maqsadlarimizga albatta erishamiz». 

Davlat rahbari O‘zbekistondagi ko‘plab zamonaviy oliygohlar, kasb-hunar maktablari va texnikumlar bitiruvchilarni o‘z bag‘riga chorlayotganini ta’kidladi. Bu maskanlarda ularning ta’limni davom ettirib, yanada chuqurroq bilim olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini ma’lum qildi. 

«Sizlar jonajon Vatanimiz shonli tarixining bir qismi, o‘z madaniyati va an’analarini asrlar davomida asrab-avaylab kelayotgan buyuk xalqning dilbandlari, Yangi O‘zbekistonning umidi va tayanchi hisoblanasiz. Yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman, davlatimizning ertangi taqdiri, uning ravnaqi va taraqqiyoti sizlarning qo‘lingizda», deyiladi tabrik so‘zida. 

Prezident yoshlarni hech qachon orzu qilishdan to‘xtamaslikka, katta maqsadlar yo‘lida imkoniyatlarni sinab ko‘rishdan, bu yo‘lda xato qilish va ulardan saboq olishdan qo‘rqmaslikka chaqirdi. «Chunki xalqimiz sizlarga katta umid va ishonch bilan qaramoqda». 

«Hech shubhasiz, hayotda yuksak natijalarga erishish uchun tinimsiz harakat, shijoat va jasorat talab etiladi. Sizlarning chuqur bilim olish, zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganish orqali Vatanimizga munosib farzandlar bo‘lib yetishishingiz va uning taqdiri uchun mas’uliyatni zimmangizga olishingizga ishonaman. Bu sharafli yo‘lda barchangizga baxt va omad doimo yor bo‘lishini tilayman», deyiladi tabrik so‘zi yakunida.

Ko‘proq yangiliklar: