Xitoy Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlarni boshladi

Jahon 10:33 / 23.05.2024 3205

Tayvanning yangi prezidenti Lay Tsinde lavozimga kirishganidan bir necha kun o‘tgach, Xitoy o‘zi bo‘lginchi provinsiya deb hisoblagan orolga yaqin joyda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkaza boshladi. Bu haqda 23 may, payshanba kuni Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi (XXOA) Sharqiy qo‘mondonligi ma’lum qildi. Ilgari XXR rasmiylari Tayvan oroli «Xitoy hududining ajralmas qismi, Tayvan ishi esa Xitoy ichki ishi» ekanligini ta’kidlagan edi.

Xabarda aniqlik kiritilishicha, 23 may kuni ertalab boshlangan manyovrlarda Xitoy quruqlikdagi kuchlari, dengiz floti, havo kuchlari va raketa kuchlari ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlar Tayvan bo‘g‘ozida, Tayvan qirg‘oqlarining shimoli, janubi va sharqida, shuningdek, Tayvan nazoratidagi Tszinmen, Matszu, Utsyuyuy i Dunin orollari atrofidagi hududlarda bo‘lib o‘tadi hamda 24 may kuni kechqurungacha davom etadi.

«Bu Tayvan mustaqilligi tarafdorlarining separatistik harakatlari uchun qattiq jazo hamda tashqi kuchlar aralashuvi va provokatsiyalari bo‘yicha qattiq ogohlantirishdir», — deya XXR Sharqiy qo‘mondonligi rasmiy vakili bayonotidan iqtibos keltirgan Reuters agentligi. Mashqlar «dengiz va havo kuchlarining jangovar tayyorgarligini birgalikda sinovdan o‘tkazish va asosiy nishonlarga zarba berishni o‘rganishga qaratilgan», - deya aniqlik kiritdi XXOA. 

Lay Tsinde Xitoyni tahdidlarni to‘xtatishga chaqirmoqda 

20 may kuni Taybeyda yanvar oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozongan Tayvanning yangi prezidenti Lay Tsinde inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. Tayvan Demokratik taraqqiyot partiyasining yangi rahbari o‘z nutqida Xitoyni tahdid solishni bas qilishga va mustaqillikni saqlab qolish uchun «Tayvan xalqi tanlovini hurmat qilishga» chaqirdi. U, shuningdek, «Xitoy bilan tinch muloqotga intilishini» va ikki tomonlama munosabatlarni tiklashini aytdi hamda «Xitoy Respublikasidagi Tayvanning kelajagi uning 23 million aholisi tomonidan belgilanishini» ta’kidladi. 

Pekin Lay Tsindeni qat’iy separatist deb biladi va uning saylanishini «urush e’lon qilish» sifatida ko‘radi. Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Layning nutqini «sharmandali» deb atadi va «Tayvanning mustaqillikka erishishga bo‘lgan barcha urinishlari boshi berk ko‘chaga olib keladi», dedi. 

Xitoy AQShning bir qator mudofaa konsernlariga qarshi sanksiyalar kiritdi 

20 may kuni Xitoy Tayvanning yangi prezidenti Lay Tsinde inauguratsiyasi arafasida AQSh yana uchta mudofaa konserniga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. «Ishonchsiz korxonalar» ro‘yxatiga Boeing mudofaa va kosmik bo‘linmalari, shuningdek, General Atomics Aeronautical Systems hamda General Dynamics Land Systems kiradi, deya xabar beradi Xitoy Savdo vazirligi. Bu kompaniyalarga Xitoyga yangi sarmoya yo‘naltirish, ularning rahbarlariga esa Xitoyga kirish taqiqlangan. 

Xitoy yaqinda Tayvanga qurol yetkazib beruvchi Amerika korxonalariga qarshi bir qator sanksiyalar joriy qildi. 2023 yil sentabr oyida Lockheed Martin va Northrop Grumman’ga qarshi jazo choralari qo‘llangan edi. Yanvar oyida yana beshta Amerika firmasi qora ro‘yxatga kiritildi. 

Ko‘proq yangiliklar: