Rossiyada yana bir yuqori martabali harbiy zobit korrupsiya ishi bo‘yicha qo‘lga olindi. Rossiya Tergov qo‘mitasi Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari aloqa bosh boshqarmasi boshlig‘i, Bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari, general-leytenant Vadim Shamarinni qo‘lga oldi, deb xabar qildi 23 may, payshanba kuni Rossiya OAV huquq-tartibot idoralaridagi manbalarga tayanib.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Shamarin ehtimoliy firibgarlik yuzasidan jinoyat ishi bo‘yicha qo‘lga olingan. Generalning uyi tintuv qilindi, shundan so‘ng uni Tergov qo‘mitasining Harbiy tergov bosh boshqarmasiga so‘roq qilish uchun olib ketishdi.
Shamarin ishi ko‘rib chiqilayotgan 235-garnizon harbiy sudida RBK agentligiga 22 may kuni general ikki oyga hibsga olingani aytildi. Shamarin, TASS xabariga ko‘ra, juda katta miqdorda pora olganlikda ayblangan. Unga 15 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin. Tergov qo‘mitasi hozircha bu ma’lumotga izoh bermagan.
Rossiya Mudofaa vazirligi rahbarlariga nisbatan jinoiy ishlar
So‘nggi paytlarda Rossiya Mudofaa vazirligi rahbarlariga qarshi bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Aprel oyi oxirida Moskvada mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov pora olganlikda ayblanib hibsga yuborildi. May oyida Rossiya Mudofaa vazirligining kadrlar bo‘limi boshlig‘i Yuriy Kuznetsov ushlandi va u ham pora olganlikda ayblanmoqda. Bundan tashqari, Rossiya Mudofaa vazirligini tanqid qilgan 58-armiyaning sobiq qo‘mondoni Ivan Popov hibsga olingan. U firibgarlikda ayblanyapti.
2020 yilda Bosh shtab boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari, general-polkovnik Xalil Arslonov qurolli kuchlarni texnika bilan ta’minlashda firibgarlik va korrupsiya ishi bo‘yicha qo‘lga olingan edi. U firibgarlik va pora olishda ayblangan. 2022 yilda «Kommersant» Arslonovning ishi yopiq rejimda ko‘rib chiqilishini yozgan, chiqarilgan hukm haqida hech narsa ma’lum emas.