AQSh prezidenti Jo Bayden mustaqil Falastin davlatini bir tomonlama tan olishni rad etadi. 22 may, chorshanba kuni AQSh Milliy xavfsizlik kengashi (MXK) vakili Edriyenn Uotsonning aytishicha, Bayden «ikki xalq uchun ikki davlat» konsepsiyasi qat’iy tarafdori va butun siyosiy faoliyati davomida uni yoqlab kelgan. Oq uy rahbarining ishonchi komilki, Falastin davlati «bir tomonlama tan olish yo‘li bilan emas, balki ikki tomon o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar yo‘li bilan» yaratilishi kerak», deb ta’kidladi Uotson. U Ispaniya, Irlandiya va Norvegiyaning mustaqil Falastin davlatini tan olish qarori haqidagi bayonotlariga bevosita izoh bermadi.
Shu kuni AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan jurnalistlarga har bir davlat mustaqil ravishda Falastin davlatini tan olish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkinligini aytdi, deb yozadi Reuters.
Bir necha kun oldin BMT Bosh assambleyasi 143 ovoz bilan falastinliklarga Birlashgan Millatlar Tashkilotida yangi «huquq va imtiyozlar» berishga qaror qildi. Germaniya, Avstriya, Britaniya, Italiya va Ukraina ovoz berishda betaraf qoldi. AQSh, Isroil, Vengriya va Chexiya qarshi ovoz berdi.
Norvegiya, Ispaniya va Irlandiya Falastinni davlat sifatida tan oladi
Norvegiya, Ispaniya va Irlandiya 28 may kuni Falastin davlatini tan olishini e’lon qildi. «O‘n minglab qurbonlar va yaradorlar bilan davom etayotgan urushda biz isroilliklar va falastinliklar uchun siyosiy yechim taklif qiladigan yagona muqobilni saqlab qolishimiz kerak: tinchlik va xavfsizlikda yonma-yon yashaydigan ikki davlat», - dedi Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore 22 may kuni.
Irlandiya bosh vaziri Saymon Xarris Yevropa uchta davlati tomonidan Falastinning kelishib tan olinishini «Irlandiya va Falastin uchun tarixiy va muhim kun» deb atadi. Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches ham Falastinni davlat sifatida tan olish haqida bayonot berdi. Boshqa Yevropa davlatlari ham uch davlatdan o‘rnak olishi kutilmoqda. Shvetsiya 2014 yil oktyabr oyida Falastinni suveren davlat sifatida tan olgan.
Norvegiya bosh vaziri Styore o‘z bayonotida Falastin va Isroil o‘rtasidagi hududni chegaralash 1967 yilgacha bo‘lgan chegaralar asosida amalga oshirilishi, Quddus har ikki davlatning poytaxti bo‘lishi kerakligi, shu bilan birga, chegaralar bo‘yicha yakuniy kelishuv tuzilib, hududlar almashishga ruxsat berilishi lozimligini ta’kidladi.
Isroil - Oslo va Dublin pozitsiyasiga qarshi
Isroil Falastinni tan olishga mutlaqo qarshi. Yaqinda Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan Falastin ma’muriyati suveren davlat bo‘lish mezonlariga javob bermasligini aytdi.
Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats 22 may kuni o‘z mamlakatining Irlandiya va Norvegiyadagi elchilarini zudlik bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish uchun chaqirib oldi. «Men Irlandiya va Norvegiyaga aniq va ravshan xabar yuboraman: boshqalar uning suvereniteti va xavfsizligiga putur yetkazar ekan, Isroil jim turmaydi», - dedi u.
«Isroil jim turmaydi, jiddiy oqibatlar bo‘ladi», - deya ogohlantirdi isroillik vazir va Ispaniya Falastinni tan olganini rasman e’lon qilishi bilanoq Isroilning Madriddagi elchisi chaqirib olinishini qo‘shimcha qildi. Ispaniya Isroil G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotining Yevropadagi eng qat’iy tanqidchilaridan biri bo‘lib, oktyabr oyida bu mamlakatga qurol eksportini to‘xtatgan edi.
Germaniya hali Falastin davlatini tan olmaydi
Ayni damda Germaniya mustaqil Falastin davlatini tan olishga qaror qilgan Norvegiya, Ispaniya va Irlandiyadan o‘rnak olmaydi, dedi Germaniya tashqi ishlar vazirligi vakili 22 may kuni Berlinda. «Mustaqil Falastin davlati Germaniya tashqi siyosatining qat’iy maqsadi bo‘lib qolmoqda», ammo uni tan olish masalasi faqat uni tashkil etish yo‘lidagi siyosiy jarayon kun tartibida bo‘ladi», dedi u. Shu sababli, tashqi ishlar vazirligi vakiliga ko‘ra, Germaniya uzoq vaqtdan beri Falastin institutlarini yaratish va isloh qilishni qo‘llab-quvvatlab keladi.
Oxir oqibat, «ikki xalq uchun ikki davlat» tushunchasigina falastinliklarga ham, isroilliklarga ham tinchlik va xavfsizlikda yonma-yon yashash imkoniyatini yaratadi, dedi Germaniya tashqi ishlar vazirligi vakili. U bu mavzu bo‘yicha muzokaralar zarurati hozir juda muhimligini ta’kidladi.