Minglab britaniyaliklarga qon quyishda yuqtirilgan kasalliklar uchun tovon puli to‘lanadi

Jahon 09:51 / 22.05.2024 1851

Sobiq sudya Brayan Langstaff boshchiligidagi tergovga ko‘ra, Britaniyada 1970-1990-yillar oralig‘ida odam immunitet tanqisligi virusi (OIV) yoki gepatit C bo‘lgan qon yoki qon tarkibiy qismlarini quyish orqali 30 000 kishi kasallangan. Hisobot 20 may, dushanba kuni e’lon qilindi.

Xabarda aytilishicha, 1250 ga yaqin kishi, jumladan, 380 nafar bola OIV infeksiyasini shu yo‘l bilan yuqtirgan va ularning to‘rtdan uch qismi vafot etgan. Bundan tashqari, 5000 kishida kasallangan qonni quyish natijasida surunkali gepatit C, jigarning og‘ir kasalligi rivojlandi. Ulardan ba’zilari allaqachon vafot etgan. 

Tekshiruv natijasida ma’lum bo‘lishicha, ishlatilgan donorlik qonining bir qismi kasallangan bemorlardan olingan. Ishlab chiqaruvchilar turli donorlarning plazmasini aralashtirishlari sababli, bitta ifloslangan namuna qonning butun partiyasini ifloslantirishi mumkin. Britaniya tibbiyot amaldorlari qonunbuzarliklar haqida bilishgan, ammo ularni yillar davomida yashirgan, shu jumladan bemorlarga kasallik yuqtirilganini aytmagan. 

Yakuniy hisobot 2527 sahifani o‘z ichiga oladi. Tergov doirasida 5 mingdan ortiq guvoh so‘roq qilindi, 100 mingga yaqin hujjat tahlili o‘tkazildi. 

Sunak jabrlanuvchilarga tovon puli va’da qildi 

Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak Langstaff komissiyasi hisoboti e’lon qilinganidan keyin «juda afsusda» ekanligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘nlab yillar davomida Britaniya sog‘liqni saqlash tizimining turli darajalarida - shifokorlardan tortib hukumatlardagi vazirlargacha bo‘lgan «ma’naviy muvaffaqiyatsizligidir». 

Sunak qon quyishdan kasallangan qurbonlar va ularning oila a’zolariga pul kompensatsiyasi to‘lashga va’da berdi. Buning uchun budjetdan 10 milliard funt sterling (taxminan 11,7 milliard yevro) ajratiladi. Dastur tafsilotlarini yaqin orada Britaniya hukumati kotibi, bosh g‘aznachi Jon Glenn e’lon qiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: