DXX Hajga yuborishni va’da qilgan sayyohlik firmalari xodimlarini qo‘lga oldi

Jamiyat 10:57 / 22.05.2024 6533

Bu borada Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Jumladan, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan sayyohlik firmasining 2 nafar xodimi mahalliy fuqaro ishonchiga kirib, uning ota-onasini Saudiya Arabistoniga Haj safariga borishlari uchun talab etiladigan viza hujjatlarini tayyorlab berish va ularni ziyoratga yuborish evaziga 18 ming AQSh dollari talab qilishib, 4500 AQSh dollari olgan vaqtlarida ushlandi.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi sayyohlik firmasi rahbari Yashnobod tumanida yashovchi fuqaroni Haj-2024 mavsumida Saudiya podshohligiga muborak safarga yuborish evaziga 9500 AQSh dollari talab qilib, 5700 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs ham Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaroni sayyohlik firmasi orqali Haj ziyoratiga yuborish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilib, 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Farg‘ona shahridagi sayyohlik firmasi ish yurituvchisi esa Toshloq tumanida yashovchi fuqaroni va uning 2 nafar voyaga yetmagan farzandini 30 ming AQSh dollari evaziga «Haj» ziyoratiga yuborishni va’da qilib, 15 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida yashovchi shaxs ham Quva tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni va uning ota-onasini Haj amallarini bajarishlari uchun sayyohlik firmasi orqali Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 16 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi ««Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida mamlakat fuqarolari uchun Haj tadbiri Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Saudiya Arabistoni podshohligining Haj va umra vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi hamda bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi, deb belgilab qo‘yilgan. 

Shuningdek, Saudiya Arabistoni tomonidan belgilangan tartibga muvofiq, chet el fuqarolari uchun Haj ziyoratini ado etishning asosiy sharti – «haj» vizasiga ega bo‘lish hisoblanadi. Qolgan barcha turdagi vizalar – «umra», «turizm», «biznes» va boshqalar bilan Haj ziyoratiga borish taqiqlanadi.

Tartibni buzgan xorijlik Saudiya Arabistonidan deportatsiya qilinib, ushbu mamlakatga 10 yil muddatga kirishi taqiqlanadi hamda 50 ming saudiya riali miqdorida jarimaga tortiladi.

Ko‘proq yangiliklar: