Britaniya bosh vaziri Sunak muddatidan oldin parlament saylovlarini belgiladi

Jahon 22:35 / 22.05.2024 4245

Buyuk Britaniyada umumiy (parlament) saylovlari sanasi 4 iyulga belgilandi. Bu haqda Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak hukumat yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha bayonot berdi. 

«Endi Buyuk Britaniya uchun kelajagimizni tanlash vaqti keldi - erishilgan yutuqlarga asoslanishni xohlaymizmi yoki hech qanday rejasiz ish boshlaymizmi. Bugun erta tongda qirol hazratlari bilan suhbatda men parlamentni tarqatib yuborishni so‘radim. Qirol bu iltimosni qondirdi va bizda 4 iyulda umumiy saylov o‘tkaziladi», dedi Sunak. 

Rishi Sunakning qayd etishicha, Buyuk Britaniya saylovlari «Sovuq urush tugaganidan beri xavfliroq bo‘lgan davrda» o‘tkaziladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, global xavfsizlik va barqarorlikka tahdid Ukrainadagi janglar va Yaqin Sharqda «islomiy ekstremizm»ning kuchayishi bilan bog‘liq. 

Buyuk Britaniyadagi umumiy saylovlarda Britaniya parlamentining quyi palatasi — Jamoatlar palatasining yangi tarkibi shakllantiriladi. Saylovlar bir mandatli 650 ta saylov okrugining barchasida o‘tkaziladi. Har bir saylov okrugida shu okrugdan deputatlikka nomzodlar uchun ovoz berish o‘tkaziladi. 

2022 yilgi qonunga ko‘ra, parlament bosh vazirning iltimosiga binoan monarx tomonidan tarqatib yuborilishi yoki umumiy parlament saylovlaridan keyin birinchi yig‘ilish o‘tkazilgan kundan boshlab 5 yil o‘tgach, avtomatik ravishda tarqatilishi mumkin. Yangi umumiy saylovlar parlament tarqatib yuborilgandan keyin 25 ish kunidan keyin o‘tkaziladi. Shu asosda, navbatdagi parlament saylovlari 2025 yil 28 yanvardan kechiktirmay o‘tkazilishi kerak edi. 

Ta’kidlanishicha, Rishi Sunak Buyuk Britaniyadagi iqtisodiy vaziyat yaxshilangani sababli saylovlarni muddatidan oldin o‘tkazishga qaror qilgan. 2024 yil aprel oyi oxirida Buyuk Britaniyada inflatsiya mart oyidagi 3,2 foizdan 2,3 foizgacha pasaygan. Buyuk Britaniya iqtisodiyoti 2024 yil birinchi choragida oldingi uch oyga nisbatan 0,6 foizga o‘sgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu natijalarning barchasi Sunak joriy yilda erishmoqchi bo‘lgan ko‘rsatkichlarga mos keladi.

Ko‘proq yangiliklar: