Andijondagi bog‘chalardan birida tarbiyachi bolani kaltaklagani aks etgan videolar yuzasidan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Videoyozuvga ko‘ra, voqea 18 may sanasi 17:20lar atrofida sodir bo‘lgan. Xonadagi bolalardan biri boshqa bir guruhdoshini urgani ko‘rinadi. Shundan so‘ng tarbiyachi kelib kaltak yegan bolaga o‘sha bolani urishini aytib, urdiradi. Keyin esa xodimning o‘zi bolaga tarsaki tushirib, siltab xonadan olib chiqib ketadi.
Qayd etilishicha, Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holatni nazoratga olgan. O‘rganish ishlari boshlangan.
Tashkilot o‘rganish ishlari yakunlariga ko‘ra batafsil ma’lumot berilishini va’da qilgan.