Rossiya Xodorkovskiyning hisobraqamlaridan 1,4 mlrd rublni musodara qilmoqchi

Jahon 10:35 / 21.05.2024 4715

Rossiya Bosh prokuraturasi YuKOS neft konsernining sobiq rahbari Mixail Xodorkovskiy, uning biznes sherigi - «Menatep» sobiq rahbari Platon Lebedev va «Sibirskaya lizingovaya kompaniya»ga nisbatan 986 million rubl va 1,8 million dollarni qaytarib berishni talab qilgan holda sudga murojaat etdi. Pul mablag‘lari Xodorkovskiy va Lebedevning hisoblarida joylashgani haqida 20 may, dushanba kuni «Interfaks», TASS hamda RIA «Novosti» axborot agentliklari xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Bosh prokuratura xulosasi bilan musodara qilinishi kerak bo‘lgan mablag‘larning umumiy miqdori 1,413 milliard rublni tashkil etadi. Prokuratura qiziqayotgan bo‘lgan pul mablag‘lari «Trast» bankida to‘qqizta kompaniya - «Evoyl» MChJ, «Ratibor» MChJ, «Sharqiy Sibir servis kompaniyasi» MChJ, «Rentli» MChJ, «Saturn XXV» MChJ, «Fargoyl» MChJ, «Sibirskaya lizingovaya kompaniya» MChJ, «Spetsavtotrans» YoAJ va «Menatep limited» hisobraqamlarida saqlanadi.

«Rossiya manfaatlari uchun» da’vo 

TASS xabariga ko‘ra, da’vo arizasi «sud tomonidan ilgari belgilangan soliq jinoyatlari natijasida yetkazilgan zarar uchun 17,4 milliard rubl miqdorida tovon to‘lanmagani munosabati bilan» berilgan. Rossiya Bosh prokuraturasi 8 may kuni Moskvaning Meshchanskiy sudiga da’vo arizasi bilan chiqdi. Xabar qilinishicha, Xodorkovskiy, Lebedev va «Sibirskaya lizingovaya kompaniya»ga qarshi da’vo «Rossiya Federatsiyasi manfaatlari uchun» qo‘zg‘atilgan, ammo da’volarning mohiyati oshkor etilmagan. Sud 27 may kuni da’voni ko‘rib chiqishni boshlaydi. Ayblanuvchilar prokurorning da’volariga izoh berishmadi. 

Rossiya sudlari 2005 va 2010 yillarda Xodorkovskiy va Lebedevni «YuKOS ishi» bo‘yicha firibgarlik, pul yuvish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda ayblab, uzoq muddatga qamoq jazosiga hukm qilgan. Ularga tegishli bo‘lgan neft kompaniyasi bankrotlik jarayonidan o‘tdi va milliylashtirildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2013 yilda Mixail Xodorkovskiyni afv etgan, shundan so‘ng tadbirkor Rossiyani tark etgan. Platon Lebedev 2014 yilda ozodlikka chiqarilgan.

Ko‘proq yangiliklar: