Putin auditorni Rossiya mudofaa vazirining yangi o‘rinbosari etib tayinladi

Jahon 08:19 / 21.05.2024 4686

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 20 may, dushanba kuni Oleg Savelevni Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri o‘rinbosari va vazirlik apparati boshlig‘i lavozimiga tayinladi. Bu lavozimda ilgari Hisob palatasining auditori bo‘lib ishlagan Savelev o‘sha kuni Putinning farmoni bilan lavozimidan chetlashtirilgan general-polkovnik Yuriy Sadovenko o‘rnini egalladi. Shunday qilib, Savelev Rossiya yangi mudofaa vaziri Andrey Belousovning birinchi o‘rinbosari bo‘ldi.

Mudofaa va milliy xavfsizlik auditini nazorat qilgan

2008-2014 yillarda Oleg Savelev Rossiya iqtisodiy rivojlanish vazirining o‘rinbosari, keyin bir yil davomida Rossiya Federatsiyasi Qrim ishlari bo‘yicha vaziri lavozimida ishlagan (undan keyin bu lavozim bekor qilingan). 2015 yildan 2018 yilgacha Savelev hukumat apparati rahbari o‘rinbosari bo‘lgan, so‘ng u bir yil davomida Rossiya Hisob palatasi apparatini boshqargan. 2019 yilda Putinning tavsiyasiga ko‘ra, u Hisob palatasi auditori bo‘ldi va u yerda mudofaa, milliy xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati auditini nazorat qildi.

Rossiya Mudofaa vazirligida hibsga olishlar va o‘zgarishlar

14 may kuni Vladimir Putin iqtisodchi Andrey Belousovni Rossiya Federatsiyasining yangi mudofaa vaziri etib tayinladi - u bu lavozimda 2012 yildan beri ishlab kelayotgan Sergey Shoyguni almashtirdi. Mutaxassislar Belousov tayinlanishini Putinning Rossiya iqtisodiyotini urush holatiga keltirish istagi bilan izohlamoqda. Nemis matbuoti hukumatdagi o‘zgarishlarni Rossiya prezidentining Ukrainaga qarshi urush jarayonidan noroziligi bilan bog‘ladi.

Aprel oyi oxirida Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov juda katta miqdorda pora olayotgan paytda ushlandi. Keyinchalik vazirlikning kadrlar boshqarmasi boshlig‘i, general-leytenant Yuriy Kuznetsov xuddi shu ayblov bilan hibsga olingan.

Ko‘proq yangiliklar: