Polshada diversiyalar sodir etishda gumonlanganlar qo‘lga olindi

Jahon 12:10 / 21.05.2024 2272

21 may, seshanba kuni bosh vazir Donald Tusk Polsha rasmiylari qo‘poruvchilikni sodir etishda gumon qilib, to‘qqiz kishini qo‘lga olgani to‘g‘risida xabar berdi. «Bu kaltaklash, o‘t qo‘yish va o‘t qo‘yishga urinishga taalluqli», dedi u va gap yollanma shaxslar haqida ketayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ba’zida bular jinoyat olami odamlari, Ukraina, Belarus va Polsha fuqarolari».

Xususan, bosh vazirning ta’kidlashicha, Polsha g‘arbidagi Vrotslav shahrida bo‘yoq zavodiga o‘t qo‘yishga urinish to‘xtatilgan. O‘t qo‘yish, «shubhasiz, buyurtma qilingan», deb hisoblaydi u. Tusk Litva, Latviya va Shvetsiyada ham xuddi shunday qo‘poruvchilik harakatlari sodir bo‘layotganini eslatib, vaziyatni o‘ta jiddiy deb baholadi. U 9 mayga o‘tar kechasi Vilnyusdagi IKEA do‘konining omborida sodir bo‘lgan yong‘inni esladi. Obektda tovarlar yoqib yuborilgan, Litva politsiyasi ham o‘t qo‘yish ehtimolini tekshirmoqda.

Polsha prezidenti Anjyey Duda 14 may kuni so‘nggi kunlarda mamlakatning turli hududlarida besh-oltita jiddiy yong‘in sodir bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bular o‘t qo‘yish bo‘lishi mumkin, deb gumon qilmaslik qiyin, lekin aslida mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishdir». Polsha Milliy xavfsizlik byurosi rahbari Yatsek Severa, o‘z navbatida, xorij maxsus xizmatlari sodir bo‘layotgan voqealarga aloqador bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. 

Polsha maxsus xizmatlari ishi kuchaytirildi

Avvalroq Donald Tusk Polsha razvedka xizmatlari ishi kuchayganini ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, fuqarolik va harbiy kontrrazvedka uchun yana 100 million zlotiy (25 million yevro) ajratilgan. Tusk, shuningdek, Varshava «xizmatlar va ittifoqchilar hushyorligi tufayli» bir nechta qo‘poruvchilik harakatlarining oldini olganini aytdi. 

So‘nggi bir necha hafta ichida Varshava Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga ehtimoliy suiqasdni tayyorlashda yordam berganlikda gumon qilingan shaxs ushlangani, shuningdek, mart oyida Vilnyusda Leonid Volkovga hujum uyushtirganlikda gumon qilingan belaruslik qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi. Ushbu ish doirasida ikki polyak ham ushlangan.

Ko‘proq yangiliklar: