Londondan Singapurga uchgan samolyot kuchli turbulentlikka uchradi. Bir kishi halok bo‘lgan

Jahon 17:33 / 21.05.2024 16416

Singapore Airlines aviakompaniyasining Londondan Singapurga parvoz qilgan samolyoti kuchli turbulentlik hududiga tushib qolishi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar jarohatlangan.

Boeing 777-300ER layneri Bangkokka yo‘naltirilgan va mahalliy vaqt bilan soat 15:45 da qo‘ndirilgan.

Aviakompaniya bayonotida aytilishicha, SQ 321 reysi bortida 211 yo‘lovchi va ekipajning 18 nafar a’zosi bo‘lgan.

Kompaniya «qurbonning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan».

Xabarda shuningdek, kompaniya yo‘lovchilarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Tailand hukumati bilan hamkorlik qilayotgani va zarariy qo‘shimcha yordamlar ko‘rsatilishi uchun Bangkokka guruh yuborayotgani aytilgan.

Tailand hukumati Suvarnabxumi aeroportiga tez yordam mashinalari va qutqaruvchilar brigadalarini yo‘llagan.

Singapur transport vaziri Chi Hong Tat hukumat yo‘lovchilar va ularning oilalariga yordam ko‘rsatishini ma’lum qilgan.

«Men Singapore Airlines aviakompaniyasining Londonning Hitrou aeroportidan Singapurga uchgan SQ321 reysi bortidagi voqea haqida xabar topib, chuqur qayg‘udaman», — deya yozgan u feysbukda.

Hozircha layner bortida aynan nima ro‘y bergani ma’lum emas.

Parvozdagi turbulentlik (havoning girdobsimon oqimiga tushib qolish) — odatiy holat va qoidaga ko‘ra, xavotirli emas. Jiddiy hodisalar, ayniqsa odam o‘limi bilan bog‘liq holatlar juda kam uchraydi.

Ba’zida turbulentlik kuzatiladigan hududlarni oldindan bilish mumkin, bunday zonaga kirib qolgan samolyotlarning uchuvchilari boshqa samolyotlardagi hamkasblarini uning qayerdaligi to‘g‘risida ogohlantiradi.

Ammo ba’zida turbulentlik kutilmaganda ro‘y beradi va ekipaj unga tayyor bo‘lmasligi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: